Yaxshilikni sog‘ingan dillar
Uzoq vaqt qish uyqusida mudrab yotgan ona tabiat bahor quyoshining iliq taftini quchoq ochib qarshi oldi. Nafaqat tabiat, balki ko‘klamni, oftob nurlarini, yashillikni sog‘ingan elimiz bu yilgi bahorni o‘zgacha intiqlik bilan kutdi. Bag‘riga nur yugurib ko‘zini ochgan zamin astagina yashillikka burkanib atrofga ajib, go‘zal manzaraning suratini chiza boshladi. Bahor fasli yurtimizga O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaning tug‘ilgan kuni bilan egiz kirib keladi. Shu munosabat bilan qator o‘quv muassasalari tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib o‘quvchilar ishtirokida tashkillashtirilgan tadbirlarida qatnashishimizni iltimos qilishadi. Shunday tadbirlardan biri Yangiyo‘l tumanidagi 69-maktabda bo‘lib o‘tdi. Maktabning yuqori sinf o‘quvchilari ardoqli shoiramizning o‘nlab she’rlaridan yod aytdilar, kuy bastalanib bahor kayfiyati ufurib turgan qo‘shiqlaridan ijro etdilar. O‘z navbatida biz ham ularga shoira va uning shogirdlari, izdoshlari haqida bilganlarimizni, ko‘rganlarimizni so‘zlab berdik.
Men esa shu kuni kitoblar – bebaho xazina ekanligi haqida to‘xtalib o‘tdim. Chunki bugungi kunda ana shu xazinasiz keyingi avlod vakillari Zulfiya haqida bu qadar boy ma’lumotlarga ega bo‘lmasdilar. Shoiraning she’rlarini sog‘inganimizda, barchasini birdek eslay olishimiz qiyin kechardi. Kitoblar qatidagi fotosuratlarni ko‘rib uning xalqaro miqyosdagi adabiy munosabatlari, do‘stlari, oilasi, nabiralari haqida tasavvurga ega bo‘lmasdik. Ha, kitoblar asrlarni asrlarga, ajdodlarni avlodlarga bog‘lab turuvchi muhim manba hisoblanadi.
O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva ustozi Zulfiya opaga bag‘ishlangan she’rida... Dunyoga bir keldi-ketdi Zulfiya, Bahorday qaytmaydi degim keladi... kabi misralarni yozgan. Men esa Oydin opaning bu misralariga javoban “Biz sevgan shoira har bahorda javonimizdagi o‘nlab kitoblar orqali, ulardagi fotosuratlar, xotiralar orqali qaytib keladi. Jo‘shqin, dilbar she’rlari bilan hamisha muxlislari qalbida hamnafas yashaydi”, degim keladi.
Mana ikki oydirki, matbuotda e’lon qilingan kitob haqidagi Prezident Farmoyishi munosabati bilan qator o‘quv maskanlarida “Kitob – bilim bulog‘i,” “Kitob – ma’naviyatning qo‘sh qanoti” kabi tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Tahririyatimizning barcha ijodkorlari bu tadbirlarda faol qatnashib, kitobning qadr-qimmati, uning hayotimizdagi muhim o‘rni va kitobga bog‘liq ko‘plab mulohazalari bilan ishtirok etishmoqda. Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 255, Yunusobod tumanidagi 265, Chilonzor tumanidagi 270,131,217–maktablarda bo‘lib o‘tgan tadbirlarlarni alohida aytib o‘tishimiz mumkin. Maktablardagi uchrashuvlar juda qizg‘in o‘tdi. Bu maktab bolalari bizga “Gulxan” jurnali bilan bog‘liq shunday ajoyib, qiziqarli savollar berishdiki, biz u yerdan alohida taassurot bilan qaytdik. Chunki mazmunli, chuqur ma’noli savollarni berish uchun har bir o‘quvchida shunga yarasha bilim, shunga loyiq iqtidor bo‘lishi zarur. Bu bolalar esa ana shunday bilimdon, zukko, hozirjavob ekanliklarini namoyon etishdi. O‘ylaymanki, ular bundan buyon ham o‘qish-o‘rganishni, yaxshi kitoblarga, “Gulxan”ga oshno bo‘lishni davom ettiradilar.
Mart oyidan qator bayramlar, muhim sanalar o‘rin egallagan. 8–mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni, 21–mart – Navro‘z umumxalq bayrami... Biz – jurnal ijodkorlari “Gulxan”ning barcha o‘quvchilarini, ularning oila a’zolari, ustozlari hamda tengdoshlarini bahorning qo‘shaloq ayyomlari bilan samimiy qutlaymiz. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, bahoriy kayfiyat hamisha hamrohimiz bo‘lsin.
Zahro HASANOVA