Shoira orzusidagi qizlar
Bahor kelishi bilan odamlar ko‘nglida kurtak otayotgan iliqlik va xurramlik samimiy suhbatlar mavzusiga aylangan. O‘zbek ayolining chinakam timsoli, vafo kuychisi Zulfiya aytib o‘tganidek:
Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor...
Zulfiya – otashqalb shoir, bahor, yasharish va ezgulik kuychisi. Chin ma’noda bahor farzandi, ko‘klamning erka qizi. Shoiraning bahor tug‘ilgan kun – 1-mart sanasida tavallud topganligining ham o‘ziga xos ramziyligi bor. Zulfiya – bahorda tug‘ildi, bahordek yashadi, bahordek odamlarga, atrofga xushnudlik ulashdi. Otashin ijodi bilan minglab, millionlab qalblarni to‘lqinlantirdi, adabiyotning, she’riyatning chinakam oshuftasiga aylantirdi. Serqirra faoliyati davomida yuzlab chinakam izdoshlarini tarbiyaladi, kamolga yetkazdi.
O‘zini Zulfiyaga g‘oyibona shogird deb bilgan yosh qalamkashlar, iqtidor egalari yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Ular ustoz shoiraning har bir satri, har bir hayotiy ibratlarini yod olmoqda, ulardan munosib xulosalar yasamoqda. Ijodkor qizlarning mashqlarida Zulfiyaga bo‘lgan havas, Zulfiyaga bo‘lgan katta hurmat va ijodiy taqlid sezilib turganligining sababi ham aslida shu.
1999-yildan beri mamlakatimizdagi iqtidorli va ijodkor qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida an’anaviy tarzda berib kelinayotgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bu yil ham o‘z munosib sohibalariga topshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-martdagi Qaroriga binoan mazkur yilda istisno tariqasida 15 nafar (oldin 14 nafar) qizlar bu yuksak mukofotga loyiq ko‘rildi:
Ayjamal Karamatdinova – Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi 1-akademik litseyning 3-bosqich o‘quvchisi
Go‘zal Otajonova – Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tibbiyot kollejining 3-bosqich o‘quvchisi
Iltijoxon Toshtemirova – Andijon pedagogika kollejining 3-bosqich o‘quvchisi
Aziza Idiyeva – Buxoro iqtisodiyot va bank kollejining 1-bosqich o‘quvchisi
Nigina Abdurazzoqova – Jizzax san’at kollejining 3-bosqich o‘quvchisi
O‘g‘iloy Ne’matova – Qashqadaryo viloyati Kitob iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘quvchisi
Dilnoza Kamolova – Navoiy viloyati Uchquduq qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi kasb-hunar kollejining 2-bosqich o‘quvchisi
Sevinch Muhammadjonova – Namangan viloyati Chust sport kollejining 1-bosqich o‘quvchisi
Dildora O‘roqova – Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktabning 9-sinf o‘quvchisi
Nozimabonu Sherbekova – Sirdaryo viloyati Boyovut qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejining 2-bosqich o‘quvchisi
Shahribonu Temirova – Termiz davlat universiteti qoshidagi Termiz akademik litseyining 3-bosqich o‘quvchisi
Dilnoza Raxmatova – O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining 1-bosqich talabasi (Toshkent viloyati)
Mushtariybegim Kurbonova – Farg‘ona davlat universitetining 1-bosqich talabasi
Ruxsora Masharipova – Urganch davlat universiteti qoshidagi 2-akademik litseyining 2-bosqich o‘quvchisi
Nigora Tursunqulova – Toshkent shahri Mirobod yengil sanoat va servis kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘quvchisi
Ko‘ksiga katta ishonch va umid ramzi – mukofot nishonlarini taqib olgan qizlarning bugun quvonchi cheksiz. Ular Zulfiyaning navbatdagi izdoshlari, yurt ishonchi. Adabiyot, san’at va madaniyat, sport sohasida umidbaxsh yutuqlarga erishgan, kelajagi yorug‘ yurtdoshlarimiz. Yuz-ko‘zidan samimiy mamnunlik sezilib turgan qizlarga qarab beixtiyor o‘ylaymiz: balki Zulfiyaning eng katta orzusi ham aslida mana shu xushnud nigohlar bo‘lgan bo‘lsa, ne ajab...
Farhod ESHMO‘MINOV