Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tinchlik va xavfsizigimiz yo‘lida

Xalqimiz azal-azaldan himmati va mehmondo‘stligi bilan nom chiqargan. Uyiga mehmon kelsa izzat-hurmatini joyiga qo‘yishga odatlangan. Shu yilning 23-24-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining Toshkent sammitiga kelgan mehmonlar ham mezbon xalqimizning bu boradagi tantiligiga tan berishdi.

Qadrli jurnalxonlar, jahon afkor ommasi e’tiborini jalb qilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti qachon tashkil topganligini, unga a’zo bo‘lgan davlatlarni bilasizmi? Bu tashkilotning o‘z oldiga qo‘ygan asosiy vazifalari nimalardan iboratligini-chi? Biz hammamiz bu savollarga javob bera olishimiz shart. Nima uchun? Chunki Xalqaro hamjamiyatda o‘z o‘rni va nufuziga ega, rivojlanib borayotgan SHHTning asoschilaridan biri bo‘lgan mamlakatning farzandi sifatida tashkilotning mazmun-mohiyatini chuqur anglashimiz zarur.

Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001-yil 15-iyunda Shanxay shahrida – Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston mamlakatlari rahbarlari imzolagan deklaratsiya asosida tuzilgan. Bu tashkilot ish boshlaganidan buyon o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, siyosiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zi qamragan mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib belgilagan. Bu yil SHHTning ish boshlaganiga 15 yil bo‘ldi. Unga a’zo davlatlarning shartlarida mustaqillik, hududiy yaxlitlik va chegaralar daxlsizligini hurmat qilish, teng huquqlilik, ichki ishlarga aralashmaslik, xalqaro munosabatlarda kuch ishlatmaslik va kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal etish tartiblariga amal qilishi qayd etilgan. O‘tgan 15 yil mobaynida tashkilotning mustahkam huquqiy asosi yaratildi, xalqaro maydonda mustahkam o‘rin egalladi. Bu yillar mobaynida mamlakatimiz SHHTga uch marta raislik qildi.

Majlisda xalqaro terrorizm, ekstremizm va uning boshqa ko‘rinishlari bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlari uchun birdek xavf solayotgani alohida ta’kidlandi. Ushbu tahdidlarga esa faqat hamkorlikda, hamjamiyat mamlakatlarning harakatlarini birlashtirish orqaligina qarshi kurashish mumkinligi qayd etildi. Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida kuzatuvchi maqomidagi Afg‘oniston, Belorussiya, Hindiston, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Eron mamlakatlarining rahbarlari ishtirok etdi. Sammitning yana bir esda qolarli jihati – unda Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja va Nepalga SHHTning muloqot bo‘yicha sheriklari maqomi berildi.

Sammitning eng muhim voqealaridan biri – Hindiston va Pokiston mamlakatlarining SHHTga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi muhim hujjatning imzolanishi bo‘ldi.

SHHTning Bosh kotibi Rashid Alimov O‘zbekistonning tashkilotga raisligi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lganini, bu davrda barcha tadbirlar yuksak darajada tashkil etilganini alohida ta’kidladi. U O‘zbekiston xalqi va rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Ishtirokchilar va mehmonlar O‘zbekistonning boy tarixi va qadimiy madaniyatining yuksak namunasi sifatida mashhur bo‘lgan shaharlar Buxoro va Samarqandga tashrif buyurdilar. Ular yana ko‘plab tuman va viloyatlarda amalga oshirilgan qator bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, xalqimizning kelajagiga, salohiyatiga yana bir bor ishonch hosil qildilar.

SHHTning Toshkent sammiti ochilishidan bir kun avval O‘zbekiston va Xitoy mamlakatlari hamkorligining eng yirik loyihasi – Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va Qamchiq tunnelining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu tarixiy voqea haqida jurnalimizning keyingi sonlarida batafsil hikoya qilamiz.

 

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.