Bilimdonlar maskani
Erta tongdan bobo quyosh darvozasi peshtog‘iga o‘z nomi tushirilgan “Quyoshli” uzra nur taratayotganda bu yerdagi bolajonlar birin-ketin uyqudan uyg‘ona boshlagandi. Qushlarning yoqimli “chug‘ur-chug‘ur”i jajji yuraklarning shodon kulgulariga ulanib ketgan. Toza va musaffo havo, sharqiroq zilol suvlar, yam-yashil daraxtlar-u bir-biridan maftunkor gullar...eng muhimi, a’lo kayfiyat!
Eshitganingiz hamon bizni bunchalar o‘ziga oshno qilgan bu go‘sha qaysi manzil ekan, deya qiziqib qoldingizmi? Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga borsangiz, go‘zal Chimyon tog‘ yonbag‘irlariga yo‘lingiz tushishi tabiiy. O‘sha tog‘larning eng xushmanzara va tekis qiyalik qismi bo‘ylab bolalarning yozgi “Quyoshli” sog‘lomlashtirish oromgohi joylashgan. Hozirda bu yerda Respublika Bilimlar bellashuvining turli fanlar bo‘yicha g‘olib, deb topilgan ishtirokchilari dam olishmoqda. Haqli ravishda “Intellektual rivojlantirish oromgohi” maqomini olgan maskan bugun chinakam ma’noda aqlli va zukko bolajonlarning sevimli go‘shasiga aylanib bormoqda. Butun yoz davomida bosqichma-bosqich sog‘lomlashtirilayotgan minglab o‘g‘il-qizlarning quvonchi cheksiz. Mazza qilib hordiq chiqarish barobarida bolajonlar o‘zlariga yangi do‘stlar orttirishmoqda, tabiat go‘zalliklaridan zavqlanishmoqda. Eng asosiysi, oromgohda tashkillashtirilayotgan ko‘plab to‘garak va dars soatlaridan bilimlarini yanada boyitishmoqda.
– Ayni paytda Bilimlar bellashuvining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lib, yakuniy bosqichda ishtirok etgan 280 nafar bilimdon o‘quvchi oromgohimizda imtiyozli hordiq chiqarmoqda, – deydi “Quyoshli” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi direktori Yo‘lchiboy Rahimjonov. – Bu yerda bolalarning jismonan chiniqishi, bilim hamda ko‘nikmalarini mustahkamlab borishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Xususan, boy kitob zahirasiga ega kutubxona, internet tarmog‘iga ulangan kompyuter xonasi, xoreografiya zali, vokal xonasi, ochiq va yopiq sport maydonchalari, eng zamonaviy uslublarda barpo etilgan lojuvard suzish havzasi, qulay va shinam yotoqxonalar, mazali va darmondorilarga boy taomlar tayyorlanayotgan oshxona bolajonlar xizmatida.
Mehribon va samimiy yetakchi Yo‘lchiboy akaning so‘zlari ayni haqiqat ekanligiga oromgohni aylana turib ko‘p bora amin bo‘ldik. Deyarli har kuni uyushtirilayotgan “O‘zbekiston kuni”, “Sport va biz”, “Biz tinchlik tarafdorimiz”, “Milliy urf-odat va an’analarimiz” kabi turli tadbirlar esa tarbiyalanuvchilar fikr doirasi va dunyoqarishini oshirib borishi aniq.
– Bolajonlarimizdagi shiddatni, ular ko‘zida porlayotgan shodlikni ko‘rib, rosti, o‘zim ham o‘quvchilik yillarimga qaytgandek bo‘lyapman, – deydi Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 12-maktabning ona-tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi, oromgoh treneri Gulnoz Abdurahmonova. – Ular bilan ish olib borayotganimdan, birgalikda bir-biridan ajoyib damlarni boshimizdan o‘tkazayotganimdan juda mamnunman.
Navbatdagi darsni kuzatish uchun bolajonlar bilan nemis tili bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazilayotgan davraga bosh suqdik. U yerda Germaniyadagi Gyote institutining mamlakatimizdagi filiali o‘qituvchisi Felix Yueterbock ishtirokchilar bilan suhbat qurayotgan ekan. Dars tugagach Felix Yueterbockni so‘roqqa tutamiz.
– O‘zbek o‘quvchilarining ziyrakligidan, darslarga qunt bilan quloq tutishidan, to‘g‘risi, hayratga tushayapman. Men o‘nlab davlatlarda bo‘lganman va katta quvonch bilan aytishim mumkinki, farzandlaringizning ertangi kuniga havas qilyapman. O‘ylaymanki, ular O‘zbekistonning yorqin kelajagiga, albatta, o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishadi.
“Quyoshli” bolalar oromgohidan qaytar ekanmiz, bu yerdan olgan taassurotlarimiz, aniqroq aytganda, quvonchlarimizni sizga ham ulashish maqsadida tezda qo‘limizga qalam oldik. Sayohatimizning qolgan manzaralari bilan fotolavhalarimiz orqali tanishishingiz mumkin. Jurnalimizning keyingi sonlarida esa “Quyoshli”da hordiq chiqarayotgan tengdoshlaringiz fikri va qo‘lga kiritgan yutuqlari haqida hikoya qilamiz.
Farhod ESHMO‘MINOV