Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yillar ortidagi quvonch

Iste’dodli san’atkor, O‘zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi, respublika miqyosida o‘tkaziladigan ko‘plab nufuzli tadbirlar boshlovchisi Dilnoza KUBAYEVAni hammangiz yaxshi bilasiz. Uning nafaqat teatr sahnalarida, balki turli kinofilmlarda ijro etgan rang-barang rollarini ko‘rib ta’sirlangansiz, unga qo‘shilib goh kulib, goh yig‘lagansiz. Bugungi qahramonimiz har bir rolni yuksak darajada, maromiga yetkazib ijro eta olgani uchun ham tomoshabinlar mehrini qozongan. U “Eng ulug‘, eng aziz – 2010” respublika tanlovining “Yilning eng yaxshi kinoaktrisasi” yo‘nalishida 2-o‘rin sohibasi bo‘lgan. 2011-yilda O‘zbekiston belgisi ko‘krak nishoni, 2012-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

 

Og‘riqli nuqta

Bolaligimda tortinchoq, kamgap, hech kimga qo‘shila olmaydigan qiz bo‘lganman. Maktabning 1-sinfini zo‘rg‘a tamomlaganman. Uyatchanligimdan darslarda javob berishgayam qiynalardim... O‘quv yili oxirida o‘qituvchimiz darslik kitoblarini ro‘yxat asosida yig‘ib olgan. Menga navbat kelgunicha qo‘ng‘iroq chalinib qolgan. Boshqa sinfdoshlarim tez-tez topshirishayotganini ko‘rib men ham sekingina borib kitoblarimni o‘qituvchimning stoli chetiga qo‘yganman. Bir necha kun o‘tib muallimam oyimni maktabga chaqirib, “Qizingiz darslik kitoblarini topshirmadi”, deb aytgan. Kitoblarni topshirganim haqida qancha gapirmay ro‘yxatda belgilanmagan, deya turib olishdi. Mana uyatchanligimning oqibati. Nihoyat, topshirilgan kitoblarning hammasi hisoblab chiqilgach so‘zlarim rostligi aniqlandi...

O‘sha paytda hozirgi Yashnobod tumanidagi 255-maktabda o‘qir edim. Boshqa uyga ko‘chganligimiz sababli 4-sinfdan boshlab Sirg‘ali tumanidagi 3-maktabda ta’lim ola boshladim. Otam o‘qituvchi bo‘lgani uchun juda sipo kiyinardim. Doim maktab formasida, sochlarim yig‘ishtirilgan, tartib-qoidaga qat’iy amal qilardim. Bu esa sinfdoshlarimning g‘ashini keltirar, meni “o‘qituvchi” deb masxara qilishardi. Sinfda qizlar guruh-guruhga bo‘linishgandi. Eng yomoni, bu guruhning hech qaysisi meni yaqinlashtirmas edi. Tanaffuslarda bir o‘zim qolardim. Bu ahvol yuqori sinfdayam davom etdi. Ular bilan har qancha do‘stlashishga urinmay “yangi”ligim uchunmi, bilmayman, mensishmasdi. Har kuni oyimga, meni uyda bir kungina olib qoling, deb yalinardim. Maktabga borgim kelmas, sinfdoshlarimning masxara qilishlarini eshitgim kelmasdi...

Bir kuni darsdan so‘ng sinfdosh qizlardan biri oyimga qo‘ng‘iroq qilib, “Qizingizni qayerdaligini bilasizmi? Haliyam uyga kelmadimi? Axir darslar tugaganiga ancha bo‘ldi-ku!” debdi. Onam hayajondan raqs to‘garagida ekanligimni ham unutib, maktabga yugurib kelibdi. Rangi dokadek oppoq... O‘shanda onam hech kimga – maktab direktoriga ham, sinf rahbarimizga ham shikoyat qilmadi. “Hali ular o‘z xatosini tushunib yetadi. Parvo qilma”, dedi.

Onam tabiatan yumshoq, oqko‘ngil va sabrli ayol. Shuning uchun ham biz – farzandlariga doimo beozor bo‘lishni, hech kimning dilini og‘ritmay, sabr bilan yashash kerakligini uqtirardi. Va hammasi yaxshi bo‘ladi, deya ovutardi...

Maktabda o‘tayotgan har bir kunim yildek tuyulardi... Qaysidir ma’noda sinf rahbarimdan ham ranjiganman. Chunki o‘quvchilarning bir-biriga singishib, ahil bo‘lishida o‘qituvchining o‘rni katta deb o‘ylayman. Atrofdagilarga e’tibor bermay o‘z ustimda tinmay izlanardim. Maktabimizda qanday to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lsa, barchasiga qatnashardim. Shu maktabning boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Mavluda Abdullayeva o‘z to‘garagida ifodali o‘qish mahoratini yuragimga cho‘g‘ qilib soldi. She’r va g‘azallarni tinmay ifodali o‘qishga, yod olishga harakat qilardim. Ilk yutug‘imga ham shu maktabda erishganman. Tumanlararo ifodali o‘qish tanlovida Sirg‘ali tumani bo‘yicha birinchi o‘rinni olganman. Shu sabab bo‘ldi-yu, dilimni og‘ritgan sinfdoshlarimdan uzoqlashish maqsadida 7-sinfni tugatib Alisher Navoiy nomidagi Respublika Nafis san’at litseyiga tavakkaliga imtihon topshirdim va yuqori ball bilan 9-sinfning suxandonlik bo‘limiga qabul qilindim.

Litseyda men go‘yoki o‘zga olamga tushib qolgandek, bag‘rimga shamol tekkandek bo‘ldi. U yerdagi sinfdoshlarim bir-biridan mehribon, aqlli, bilimli... Tengdoshlarim o‘rtasida kamsitish, masxaralashni emas, faqatgina ahillik, birdamlik va asosiysi ilm olish jarayonida o‘quvchilar o‘rtasidagi “raqobat”ni ko‘rardim. Ulardan orqada qolmaslik uchun o‘z ustimda tinmay ishlay boshladim. O‘zimni shunchalik baxtiyor sezardimki...

Hozir bolalik damlarimni eslasam, birinchi navbatda o‘sha dilimni og‘ritgan yillar yodimga tushadi. Bu yillar bolaligimning og‘riqli nuqtasi bo‘lib qoldi...

 

Oq qog‘ozga gard tushmasa…

Litsey direktori So‘lmas Sultonov, adabiyotshunos o‘qituvchimiz Hoshimjon Ahmedov va shu maskandagi barcha muallimlarning yurish-turishi, muomalasi biz uchun ibrat maktabi edi. Qo‘lni ko‘ksimizga qo‘yib salom berishdan tortib muomala madaniyati sirlarigacha o‘rgata boshlashdi. Har bir yaxshi ishimiz yoki o‘qishimiz uchun alohida e’tirof, rag‘bat olardik. Albatta, bunday muhitda yanada ko‘proq o‘qigim kelardi. Har kuni litseyga qushdek uchib borardim... Dugonalarim bilan kimo‘zarga ijod qilardik. Yozganlarimizni ko‘tarib tahririyatlarga borardik. Bir nechta she’rlarim gazeta va jurnallarda chop etilgan. Hozir ham she’r qoralab turaman...

Litseyni tamomlab Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat san’at institutiga yuqori ball bilan qabul qilindim. Institutda menga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Munavvara Abdullayeva ustozlik qildi. Shunday insonga shogird bo‘lish – bu ham mening bir baxtim.

Bir kuni ustozim Munavvara opa meni teatrda rol ijro etishim uchun sinovdan o‘tishim lozimligini, belgilangan vaqtda yetib borishim kerakligini aytdi. Xursandligimdan “terimga sig‘may” aytilgan vaqtdan ancha ilgari bordim. Teatr eshigi yonida ikki soatdan ortiq kutdim, rosa taqillatdim. Ammo hech kim ochmadi. Axiyri bir kishi kelib, “Bu eshik teatrda spektal qo‘yiladigan vaqtda tomoshabinlar uchungina ochiladi. Siz binoning yon tarafidan, xodimlar kiradigan eshikdan kirishingiz lozim”, deya tushuntirgan. Ichkariga kirib borganimda ustozim meni kutib asabiylashib o‘tirgan ekan...

Teatr sahnasiga kirib kelishim shu tarzda boshlangan. Sekin-asta bu go‘sha mening ikkinchi uyimga aylandi. Omadim bor ekan, talabalik davrimdanoq kino va teatr sahnasida rollar ijro eta boshladim. Menga kursdoshlarimning havasi kelardi. Buning uchun ustozimdan minnatdorman.

Nimaiki ish qilmay ota-onam va ustozim ko‘z oldimda turishadi. Ularni xursand qilishni, doimo men bilan faxrlanishlarini istayman. Vaqtni qadrlayman. Internet, telegrammdan foydalanmayman. Bular men uchun ortiqcha vaqt sarflashdek tuyuladi. Bo‘sh vaqtim bo‘lishi bilan kitob mutolaa qilaman. Alisher Navoiy va Bobur g‘azallarini yod olib, yolg‘izgina o‘g‘limga o‘qib beraman.

Farzandim bilan sayrga chiqqanimda ko‘chada o‘ynab yurgan bolalarni kuzataman. Yoshiga mos bo‘lmagan gap-so‘zlar, ayyorlik, hasad, kibor... Bilmadim, bular aynan nimaning ta’siri? Lekin, men istardimki, bola boladek ulg‘aysa. Oq qog‘ozga gard tushmasa. Bolalarcha samimiylik, bolalarcha beg‘uborlik umri davomida ularni tark etmasa.

 

Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.