Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tovuq goʻshtli salatlar

Kerakli mahsulotlar: 200 gramm piyoz, 7 dona tuxum, 500 gramm tovuq filesi, taʼbga koʻra mayonez va tuz.

Tayyorlanishi: Tovuq filesini 20 daqiqa suvda qaynatib oling. Goʻsht sovugandan keyin mayda qilib toʻgʻrang. Piyozni mayda toʻgʻrab, qaynagan suvga 10 daqiqa solib qoʻying. Keyin suvni toʻkib, sovuq suvda chaying.

Har bir tuxumni alohida chaqib, koʻpirtiring va tuzini rostlang. Qizdirilgan tovaga ozgina yogʻ solib, tuxumni har ikkala tomoni qizarguncha qovuring. Sovutib uzunasiga kesing.

File, piyoz, qovurilgan tuxumni hammasini bitta idishga solib, ozgina tuz va mayonez qoʻshib aralashtiriladi.

Tayyor salat idishlarga solinib, koʻkatlar bilan bezatilgach dasturxonga tortiladi.

Qaynatilgan tovuq filesi oʻrniga dudlangan tovuq goʻshtidan foydalansa ham boʻladi.

Bundan tashqari, salat yengil hazm boʻlishi uchun unga bodring qoʻshish ham mumkin.

 

Kerakli mahsulotlar: Tovuq goʻshti 200 gramm, 2 dona bodring, 100 gramm smetana va ziravorlar.

Tayyorlanishi: Qaynatilgan tovuq goʻshti va bodring kubik shaklida toʻgʻraladi. Unga shivit, smetana va ziravorlar qoʻshib aralashtiriladi.

 

Kerakli mahsulotlar: 300 gramm tovuq goʻshti, 3 dona kartoshka, 5 dona tuxum, 200 gramm qattiq pishloq, 200 gramm joʻxori, 200 gramm mayonez.

Tayyorlanishi: Kartoshka somoncha shaklida toʻgʻraladi, dona-dona boʻlib chiqishi uchun muzdek suvga bir osh qoshiq tuz solib aralashtiriladi. Soʻng sochiqqa olib quritilgach, qizib turgan yogʻga oz-ozdan solib, tilla tusga kirguncha qovurib olinadi. Pishgan tovuq goʻshti somoncha shaklida toʻgʻraladi. Tuxumlarni 2 ga boʻlib parrak qilib toʻgʻraladi. Hamma masalliqni idishga solib joʻxori va mayonez qoʻshib aralashtiriladi.

 

Kerakli mahsulotlar: 400 gramm qaynatilgan tovuq goʻshti, 1 dona oʻrtacha kattalikdagi gulkaram, 6 dona tuxum, 200 gramm joʻxori, 4 dona kartoshka, mayonez, tuz.

Tayyorlanishi: Kartoshka, gulkaram, tuxum qaynatib olingach, somoncha shaklida toʻgʻraladi.

Mahsulotlarning hammasini aralashtirib mayonez qoʻshiladi.

 

NAZOKAT tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.