Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sharof Boshbekov

Yaqindagina 70 yoshni nishonlagan ijodkor Sharof Boshbekov 1951-yilning 4-yanvarida Samarqand viloyati Bulungʻur tumanida tugʻilgan. Sanʼat instituti musiqali aktyorlik boʻlimida tahsil oldi. Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida, Sirdaryo viloyati teatrida aktyor sifatida faoliyat koʻrsatdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida (1983–1985), Oʻzbekiston Milliy davlat akademik drama teatrida (1986–1987) adabiy xodim vazifasida xizmat qildi.

Dastlab “G” varianti” (1981), “Gʻurur” (1982), “Jumboq” (1986) kabi hikoyalarini eʼlon qildi. Shundan soʻng birin-ketin “Tushov uzgan tulporlar” (1983) dramasi, “Taqdir eshigi”, “Eshik qoqqan kim?” (1987), “Eski shahar gavroshlari” (1998), “Temir xotin” (1989) kabi jiddiy komediyalarini yaratdi. “Temir xotin” komediyasi, nafaqat, respublikamiz, balki boshqa mamlakatlar teatrlarida ham sahnaga qoʻyildi. Unda muallif fan-texnika rivoji davrida inson ongi, dunyoqarashi, faoliyatida sodir boʻlayotgan jiddiy oʻzgarishlar, jamiyatdagi teran muammolarni hajviy yoʻsinda ochib bergan. Mazkur asar asosida tasvirga olingan badiiy film ham xalqimizga manzur boʻlgan.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Sh. Boshbekov ssenariysi asosida “Sharif va Maʼruf”, “Yuzsiz” (1993), “Tilla bola” (1994) kabi filmlar yaratildi. U “Masxaraboz” (1996), “Farhod va Shirin” filmlarida ham ssenariy muallifi, ham rejissor sifatida qatnashdi. Uning ssenariysi asosida “Charxpalak” teleseriali dunyoga keldi. Bundan tashqari, “Tentak farishtalar” (1995), “Zoʻrdan zoʻr chiqsa” (1996) kabi sahna asarlari ham respublika teatrlarida muvaffaqiyatli namoyish etildi.

Mustaqillik yillari “Oʻyin” (2002), “Doka roʻmolning qurishi” (2004) telefilm ssenariylarini yozdi. “Soʻqmoq” (2003), “Mehr va mauzer” (2007) kinoqissalarini yaratdi. “Falakning gardishi” (2009), “Musofir boʻlmaguncha” (2009), “Tentak farishta” (hikoyalar, maqolalar, ssenariy, 2010) majmualari nashrdan chiqdi.

Sharof Boshbekov 1990-yilda Davlat mukofotiga sazovor boʻldi. 2001-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.