Nafosat fasli
Bahor – nafosat fasli. Tevarak-atrof gullarga, ajib bir chiroyga burkansa, qizlar va ayollar koʻnglida esa goʻzal tuygʻular, koʻtarinki kayfiyat joʻsh ura boshlaydi. Sababi, bahorning ilk kunida benazir shoira Zulfiyaxonimning tavallud kuni keng nishonlansa, undan soʻng 8-mart – xotin-qizlar bayrami, Navroʻz ayyomlari koʻnglimizga oʻzgacha kayfiyat beradi. Ayniqsa, mazkur bayramlar arafasida bir qator isteʼdodli qizlarga Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining topshirilishi umid bilan ijod qilib, oʻqib-oʻrganayotgan, ilm-u maʼrifat yoʻlida izlanib, turli yutuqlarga erishayotgan yoshlarimiz uchun ulkan ragʻbat va faxrdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 3-mart kuni iqtidorli qizlarni aʼlo xulqi, noyob isteʼdodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, oʻqishdagi muvaffaqiyatlari hamda taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport sohalarida va jamoatchilik faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi takliflarni maʼqullab, tegishli qarorni imzoladi.
Shu munosabat bilan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan bayram tantanalarida 28 nafar mukofot egalariga diplom va koʻkrak nishonlari topshirildi. Ularning yuz-koʻzlarida porlab turgan hayajonni tasvirlash mushkul. Lekin mukofot sohibalaridan biri namanganlik Manzura Abdullayevaning quvonchi ortida berkingan mahzunlikning sababini bilgimiz keldi:
– Iztirobning eng ashaddiy turi – onasiz qolgan manzildadir! Mening onam ikkita. Biri menga ijodkor yuragini baxsh etib, dunyoga keltirdi. Tunlar beshigimni tebratib, olti yilda yuragimga ayriliq, armon dardlarini solib, bu yorugʻ olamni tark etdi. Biri esa qiyinchiliklarga chidamli, sabr-u bardoshli, mehnatdan tolmas, zukko boʻlib ulgʻayishimga sababchi boʻldi. Kuni kecha dilimdagi yuksak orzum ushalganini eshitib, ikkinchi onam bilan Toshkent sari yoʻlga otlandik. Yurtboshimizdan yuksak mukofotni qabul qilib olar ekanman u kishining: “Ota-onangizga meni nomimdan rahmat ayting qizim”, deb barcha onalarimizni eʼtirof etganlarida yonimda suyanchiq boʻlgan ikkinchi onam borligidan shukr qilgan boʻlsam, olis qishlogʻim qabristonida mangu uyquga ketgan onajonimni oʻylab yigʻlagim keldi. Shunday damda meni dunyoga keltirgan onajonimning ruhlari shod boʻlgandir, degan oʻyda oʻzimga tasalli berdim...
Manzuraning soʻzlarini eshitar ekanmiz, dunyodagi jamiki onajonlarimiz sogʻ-omon yurushlarini, farzandlarining har bir yutuqlarini koʻrib duoda boʻlishlarini, ushbu mukofotga esa haqiqiy munosiblar koʻpayishini chin dildan niyat qildik.
Nilufar JABBOROVA