Hikmatga toʻla umr
Abdulla Oripov Navroʻzda tugʻilgan. Adabiyot maydoniga ham Navroʻzday kirib kelgan! Navroʻzni bilasiz – yil boshi, yangilanish fasli. Abdulla Oripov Vatanimizning eng oliy mukofoti – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga birinchilardan boʻlib sazovor boʻlgan. Shoirning elga tanilishiga “Gulxan” jurnali ham katta hissa qoʻshgan. Uning “Qishlogʻimni kuylayman” deb ataluvchi bir dasta sheʼri ilk bor “Gulxan” jurnalida eʼlon qilingan. Oʻsha paytdagi jurnal masʼul kotibi, yozuvchi Nosir Fozilov taʼbiri bilan aytganda, qahramon shoirni “Gulxan” kashf qilgan.
Buni qarangki, ezgulik ezgulikka boshlar ekan. Ustoz 1983–1985-yillarda sevimli jurnaliga rahbarlik qilgan chogʻida “Gulxan”ni oʻquvchilar orasida yana-da mashhur boʻlishiga erishdi.
2001-yilda suyukli shoirimiz qutlugʻ 60 yoshini nishonlash arafasida u kishi bilan suhbatlashish jarayonida bolaliklariga sayohat qilgandik. Quyida ana shu xotiralar bilan tanishasiz.
Onamning oʻkinchi
Mening tugʻilib oʻsgan, bolaligim oʻtgan joylar Qarshi (qadimgi Nasaf) shahridan besh-oʻn chaqirim shimolroq tomondagi Qoʻngʻirtov etaklaridir. Qoʻngʻirtov degani u yerda dov-daraxt yoʻqligi, koʻrinishining kulrang-qoʻngʻir tusda boʻlganligidadir. Geolog doʻstlarimizning aytishlariga qaraganda, u nihoyatda eski togʻning qoldigʻi, choʻkirtaklari ekan. Bu togʻning narigi tomoni Samarqand, berigi tomoni Buxoroi sharifga yuz tutib turibdi. Bobolarimizning aytishicha, qaysi bir zamonlarda Navoiy bobomiz Samarqanddan Buxoroga ana shu Qoʻngʻirtovni oshib oʻtgan emishlar. Albatta, bu gaplar xalqning xotirasida oʻqtin-oʻqtin chaqnab turadigan xayol uchqunlari boʻlishi mumkin.
Qishlogʻimizning nomini Nekoʻz deydilar. Uning maʼnosini men yaxshi bilmayman. Har holda u qadimiy oʻzbek urugʻlarining bir shahobchasi boʻlishi mumkin. Darvoqe, Amir Temur bobomizning onalarini Nekoʻzbegim ham deganlar.
Qishlogʻimizda suv nihoyatda taqchil edi. Qashqadaryodan tortib kelingan ikkita ariq boʻlib, birini Xomariq (Xonariq ham boʻlishi mumkin), ikkinchisini Gʻadang deyishgan. Gʻadang arabcha soʻz, maʼnosi yoyning oʻqini bildiradi. Goʻyo Qashqadaryo egik kamon boʻlsa, Gʻadang undan otilgan oʻq kabi. Lekin bu ariqlarga suv juda qiyinchilik bilan chiqar, shu sabab odamlar ariqni tinimsiz chuqurlashtirgani-chuqurlashtirgan edi. Bu jarayonni hayrov der edilar. Suv yetarli joyda albatta u-bu narsalar ekilardi, togʻ etaklari lalmikor yerlarda esa asosan bugʻdoy, arpa yetishtirilardi. Ayonkim, bu poyonsiz qir-adirlarda chorva koʻp edi. Tuya, yilqi, qoʻy deganday.
Quduqlarning suvi batamom shoʻr, ichishga yaroqsiz. Lekin uni negadir mol-hol ichib yuraverardi. Ayniqsa, bahor paytlarida bu yerlarga yogʻin koʻp tushar, Qoʻngʻirtov etaklari ming xil oʻt-oʻlan, chuchmoma-yu qizgʻaldoqlar, qoʻzigullar bilan qoplanar, atrof-tevarak jannatiy bir manzara kasb etardi. Sel suvlari toʻplanib qolgan kichik-kichik koʻllarni “qoq” deyishardi. Uning toza suvini odamlar tashib ichishar, bola-baqra chuchmoma-yu ismaloq, zamburugʻ terib, Qoʻngʻirtov etaklarida kunlarini kech qilar edi. Bu yerlarga bahorda turna tushardi. Turnalar oʻt-giyohlarni terib yeb, qoʻy-qoʻzilarning orasida bemalol, behadik yuraverishardi. Shuningdek, Qoʻngʻirtovda u paytlari kiyik koʻp edi. U kiyiklarning zoti, keyin bilishimcha, xonguli ekan. Ular hozir Buxoro atrofidagi qoʻriqxonada saqlanib qolgan. Yemishi bor edi shekilli, boʻri, tulki, shaqol ham koʻp edi.
Keyinchalik, atrof-tevarakni odamlar ishgʻol qilib olishgach, yovvoyi hayvonlar oʻz-oʻzidan yoʻqoldilar. Turnalar, laylaklar kelmay qoʻydi. Kiyikni esa “hazrati Insonning” oʻzi yeb bitirganiga oʻzim guvohman.
Otam rahmatlik kolxozda rais boʻlib ishlar, raykomning kotiblari qishlogʻimizga tez-tez tashrif buyurishib, usti ochiq gazik mashinalarda koʻpincha tunda kiyik oviga chiqishardi. Kiyik jonivor kechasi qorongʻuda mashina yorugʻiga roʻpara kelganda koʻzi qamashib, joyida taqqa toʻxtab qolardi. Ana oʻshanda uni otib olsayam boʻladi. Esimda, bir safar oʻsha kotiblardan biri ovga chiqib, oʻn ikkita kiyikni otib, mashinaga bosib kelishgan edi. Ulardan bittasini uyda qovurib yeyishdi.
Oʻshanda onam rahmatlik haligi ovchi kotiblarni oʻzicha oʻkinib-oʻkinib qargʻagani hamon yodimda. “Nafsingga oʻt tushgur, kiyik yesang bittasini ye, oʻn ikkitasini oʻldirib nima qilasan?” derdi onam. Ular qolgan kiyiklarni mashinaga bosib, shaharga olib ketishardi.
Oʻsha Qoʻngʻirtovda bizning bolalik yillarimiz oʻtgan. Bahor kelganda havoni oʻt-oʻlanning yoqimli xushboʻy hidi qoplar, sharros yomgʻir quyganda biz togʻ choʻqqisi unguridagi kichik gʻorlarga bekinib olardik. Oʻsha yuksaklikdan shimol tarafdami yam-yashil bepoyon kengliklarni tomosha qilar, toʻyib-toʻyib nafas olardim. Ayniqsa, bu joylarda janub kechalari, yulduzli osmon nihoyatda goʻzal boʻlar edi. Tim qora osmonda qoʻl choʻzsang yetgudek ulkan novvotrang yulduzlar charaqlab turadi. Hayotimda bunday goʻzal manzarani keyin uchrata olmadim.
Qishlogʻimizda quduq suvi ichishga yaroqsiz shoʻr edi. Biz chuchuk suvni toʻrt chaqrim naridagi Eshonquloq degan qishloqdan tashib kelar edik. Eshakka toʻrtta koʻzani kajava qilib ortib olardik. Koʻzalar bir-biriga toʻqishib sinib ketmasligi uchun alohida yogʻoch qoliplarga joylab qoʻyilardi. Bu qoliplarning yana bir yaxshi tomoni shuki, koʻzaning dastasi sinib, moʻndiga aylanib qolganda ham uni qolipga joylab, bemalol ishlataverish mumkin. Bir kunda ikki mahal suvga chiqardik, ayniqsa saraton kunlari Eshonquloqqa qatnash juda zerikarli boʻlardi. Yuragim siqilib ketganidan bir nimalarni mingʻir-mingʻir toʻqib, oʻzimni ovutardim, shekilli.
Dars boʻlgan dashnom
Toʻrt-besh yoshlarimdan boshlab bu dunyoning voqea va hodisalari xotiramda qolgan. Urushdan qaytmaganlarning azalari-yu, qaytgan mayib-majruh qishloqdoshlarimning qoʻltiqtayoqni toʻqillatib yurganlari esimda. Ocharchilik, odamlarning kunjara yeganlarini koʻp koʻrganman.
Biz oilada toʻrt oʻgʻil, toʻrt qiz oʻsganmiz. Akalarim Buxoro, Toshkent oliy oʻquv yurtlarida, til-adabiyot fakultetlarida oʻqishardi. Tabiiyki, ular koʻtarib yurgan kitoblarning aksariyati badiiy adabiyot namunalari edi. Mening allaqachon savodim chiqqan, kitoblarni sharillatib oʻqiy olardim. Men bugungi kunda gʻoyatda ajablanib shularni eslayman. Negadir bolaligimda xotiram nihoyatda kuchli edi. Bir oʻqiganim esimda qolaverardi. Radio, televideniye yoxud boshqa tomoshalar boʻlmaganidan keyin ermagim kitob edi-da. Duch kelgan narsani oʻqib, duch kelgan narsani yodlab olardim. Bu kitoblar orasida xalq dostonlari ham, Navoiy bobomiz-u Pushkindan tarjimalar ham, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon sheʼriyati va yana boshqa koʻp roman-u qissalar boʻlardi. Darvoqe, qish kunlarida toʻylarga qoʻshni tumanlardan nomdor baxshilar kelib, tong otguncha doston aytishardi. Biz bolalar baxshini tinglay-tinglay, bir-birimizga biqinishib uxlab ham qolar edik. Yanglishmasam, oʻshanda Umur shoir degan baxshining dostonlarini koʻp eshitganman.
Kamolxon eshon degan gʻoyat pokdomon qoʻshnimiz boʻlardi. Rahmatlikning onasini Bibi momo derdilar. Bilmadim, ular Samarqanddan balki Kattaqoʻrgʻon yoqlardan kelib qolishgan. Bibi momo oʻta darajada savodxon edilar. Onam rahmatlikka ergashib, ularning suhbatiga qatnashib qolardim. Bibi momoning kattaligi sandaldek kitobi bor edi. Uni Navoiykitob derdilar. Bibi momo Farhod-u Shirin, Layli-yu Majnunlarni chunonam qiroat bilan oʻqirdi-ki, maʼnosini koʻpam tushunmasam ham qiroatdan mazza qilardim.
Endi sheʼrlar yoza boshlaganimda nima turtki boʻlganini aniq bilmayman. Har holda soʻzlarni qofiyalashga ishqiboz boʻlib qolganim esimda. Balki zerikkanimdan, balki zavqim toshib, nimanidir yozgim kelaverardi. Fikr esa yoʻq. Yozmaslikning ham iloji yoʻq. Shuning uchun ona, maktab, brigadir, Nodir kabi soʻzlarni oʻzimcha sheʼrga solib, aylantirib yurardim. Undan tashqari, yana bir qiziq detal – mendan katta akam, hozir u qishloq xoʻjalik sohasida professor, sheʼr yozib, muttasil bolalar gazetasiga joʻnatib turardi. Gazetadan kelgan javob xatni akamga bildirmay oʻqirdim. Xatda jumladan bunday gaplar yozilgan boʻlardi: “Abdurazzoqjon, sheʼrlaringizning mavzusi yaxshi, lekin qofiya-turoqlari chatoq va hokazo”. Keyin men qofiya-turoqni oʻrganish uchun rosa kitob titardim. Akam boʻlsa unga kelgan javobni oʻqiganimdan bexabar, men qayta yelimlab qoʻygan konvertni ochib oʻqir, “Nima yozibdi?” deb soʻrasam, jahl bilan “Ishing boʻlmasin” deb, xatni burda-burda qilib yirtib tashlar, yo boʻlmasa yoqib yuborardi.
U mahallardagi mening sheʼrlarim mavzu tarafdan ham, shakliy jihatdan ham, albatta taqlid edi. Oʻqigan sheʼrlarimda asosan Stalin, Moskva, Kreml haqida yozilgandi. Men ham “yo bismillo” deb oʻshalarni kuylay boshlaganman. Bir kuni xonadonimizga rayon (tuman) rahbarlari mehmon boʻlib kelishdi.
Ularning baʼzilari mening sheʼr yozib yurganimdan xabardor ekan shekilli, dafʼatan chaqirib, menga “sheʼr oʻqi”, deb qolishdi. Men “Kreml devorlari” degan sheʼrimni tantanali ravishda oʻqidim. Yaqinda yuz yoshni qoralab qazo qilgan Hamroqul ota Mamedov edi shekilli (oʻshanda rayijroqoʻm raisi), kayfiyati balandmikan, dadilligi qoʻzib: “Oʻgʻlim oʻzing Kremlni koʻrganmisan?” – deb qoldi. Men “yoʻq” dedim. U kishi “Boʻlmasa koʻrmagan narsangni bundan keyin yozma!” – dedi. Oʻshanda yegan dashnomim menga hozirgacha dars boʻlib kelayotir.
Ustozlar duosi
Maktabni oltin medal bilan bitirdim. Akalarim turli shaharlarga oʻqishga ketib qolgani uchun otam meni qoʻyib yuborgisi kelmadi. Bu orada Zarafshondan Eski Angor kanali qazilib, qishlogʻimizga bir daryo suv kelgan, odamlar katta quvonch bilan bogʻ-rogʻlar yaratishga kirishib ketishgan edi. Bizning bogʻimizda ellik tupdan ortiq sarxil olma navlari, uzum-u anjir va boshqa mevali daraxtlar moʻl-koʻl hosil berib yotardi. Otam belkurag-u ketmonni koʻtarib, bogʻni parvarish qilar, men otamga doimiy yordamchi edim. Xullas, 1958-yil Toshkent Davlat universiteti filologiya fakultetining jurnalistika boʻlimiga kelib qoldim.
Sheʼrlarim avval tuman, viloyat gazetalarida bosilib turgan boʻlsa-da, birinchi marta respublika bolalar gazetasida “Qushcha” degan sheʼrim bosilib chiqqan. Men sheʼrim chiqqan kun bu gazetani “Toʻqimachilik saroyi” kinoteatrining “Qizil burchagi”da koʻrib qolganman. Bu orada qanchadan qancha sheʼrlarim, toʻplamlarim chop etildi. Biroq ilk sheʼrim bosilib chiqqan oʻsha daqiqalar, uning quvonchi sira-sira esimdan chiqmaydi. Balki bu ham adabiyotimizdagi birinchi muhabbat nashʼasidir.
Fakultetimizda adabiyot toʻgaragi muttasil faoliyat koʻrsatardi. Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʻshjonov kabi ustozlarimiz biz bilan soatlab mashgʻulot olib borardilar. Ayniqsa, Ozod Sharafiddinov juda dadil edi. Moskvada biror asarni qoralab qolishsa, oʻsha asarni darhol oʻqib-oʻrganib, oʻzimizcha bahosini berardik. Masalan, badnom qilinayotgan Boris Pasternak haqida “u yomon shoir emas”, degan xulosaga kelganmiz.
Sheʼrlarim matbuotda tez-tez bosila boshladi. Ozod akaning Oq yoʻli bilan “Sharq yulduzi”da sheʼrlarim chiqdi. Yozuvchilar uyushmasidagi mushoiralardan birida “Munojotni tinglab”, “Burgut” degan sheʼrlarimni oʻqidim, oʻsha kuni Abdulla Qahhor nazariga tushdim. Mirtemir domla atrofida koʻp shogirdlari qatori saboq oldim. Shayxzodadek donishmand ustozga ergashib, u kishi sheʼr oʻqigan minbardan men ham sheʼr oʻqidim. Esimda Eski shahardagi hozirgi “Turon” kutubxonasida oʻqigan sheʼrlarimni tinglovchilar juda iliq kutib oldilar. Uchrashuvdan qaytayotganimizda Shayxzoda domla bilagimdan tutib: “Shoir, sizga bitta gapim bor. Ehtiyot boʻlgaysiz, ishqilib qarsaklardan taltayib ketmasangiz boʻlgani”, – degan. Bu gaplar mening qulogʻimga qoʻrgʻoshinday quyilib qoldi.
Bu orada kitoblarim ketma-ket nashr qilindi. Ustoz Gʻafur Gʻulom qatnashgan davralarda sheʼrlarini oʻz ogʻizlaridan necha-necha bora eshitdim. Bir safar Gʻafur aka yelkamga qoqib: “Kecha televizorda sheʼr oʻqigan bola senmisan?! Yozaver, oʻgʻlim”, deganlarini hech qachon unutmayman. Va nihoyat, bir kuni meni Oybek domla yoʻqlayotganini aytib qolishdi.
Bu ulugʻ zot bemorroq boʻlganlari sababdanmi yoki salobatlari gʻoyat buyukligidanmi, xonadonlariga har qanday qalamkash yurak yutib borolmas, bahaybat choʻqqiga boqqanday domlani uzoqroqdan tomosha qilib yurardik. Oybek domla bilan uchrashuvlarimni hamda kechirgan hayajonlarimni qogʻozga tushursam bir risola boʻlar. Domla “Armaniston” degan sheʼrimni oʻqib berganimda “ingichka, ingichka”, deb qoʻyganlarini eslayman. Bu xitob sheʼringizda nozik qochirimlar bor, degani boʻlsa kerak, deb oʻylayman. Oybek domla keyingi safar chorlaganlarida qoʻlimga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga aʼzolikka tavsiya qogʻozini tutqazdilar. Ikkinchi tavsiya Mirtemir domladan keldi. Shu yoʻsinda uyushmaga Komil Yashin raisliklarida aʼzo boʻlib kirdim. Soʻng turli matbuot idoralarida xizmat qildim, katta-kichik mukofotlarga, Xalq shoiri unvoniga sazovor boʻldim. Mustaqillik yillarining buyuk inʼomi – Oʻzbekiston Qahramoni unvoniga ham loyiq topishdi. Mustaqil Oʻzbekistonning birinchi Davlat madhiyasi matnini yozishga musharraf boʻldim.
Sizga aytar gaplarim
Men tarjimachilik bilan ham shugʻullandim. Ona tilimizning naqadar boy ekanligiga tarjima jarayonida imon keltirganman. Azbaroyi asl nusxadan kam boʻlmasligi uchun tilimiz boyligidan imkon boricha toʻliq foydalanish uchun izlandim, til xazinamizdan soʻzlar axtardim. Bunga nechogʻliq erishganman, bu boshqa mavzu. Biroq ishondimki, ona tilimiz hech bir mubolagʻasiz jahondagi eng goʻzal va eng badavlat tillardan biridir. Oʻrni kelganda yosh shoir ukalarimizga bir gapni aytib qoʻyay, zinhor bitta sheʼrni bir oʻtirishda yozdim deb maqtanib yurmang, sheʼr, yaʼni soʻz ayrim unli va undoshlariga qadar tinimsiz sayqal topgandagina va ayni chogʻda birinchi yozilishdagi ruhiy quvvati va sehrini yoʻqotmagan taqdirdagina mukammal asarga aylanishi mumkin. Albatta, men bu kamolotga erishganman, demoqchi emasman. Lekin mumtoz adabiyotimizni oʻqib-oʻrganib, Dante singari shoirlarni tarjima qilib, shu xulosaga kelganman. Men hozir tajribamni emas, balki orzu-armonlarimni aytayotirman.
Mening inson va ijodkor sifatida baxtim – Oʻzbekistonimning Mustaqilligini koʻrdim va nebaxtkim, ozod Vatanimga baholi qudrat xizmat qilib yuribman...