Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yosh dasturchi

Izzatilla Otajonov sinf rahbari Marhabo opa Qurbonovaning oʻng qoʻli. Marhabo opa juda kuyinchak rahbar. Har bir oʻquvchisining uyiga borib sharoiti bilan tanishadi, ota-onalar bilan suhbatlashadi. Ularga qaysi jihatdan koʻproq eʼtibor berish kerakligini maslahatlashadi. Ana shu hamkorlik tufayli u Izzatillaning ham nimalarga qiziqishini yaxshi bilib oldi. Izzatilla oilada toʻngʻich farzand boʻlgani uchunmi masʼuliyatni juda yaxshi his qiladi. Onasiga uy ishlarida koʻmaklashsa, sinfda tarbiya soatlari, tadbirlar tashkil qilishda ustoziga koʻmakdosh. Koʻpchilik uni hamma fanga birday qiziqadi, deb oʻylaydi. Aslida u informatika fanini koʻproq yaxshi koʻradi. 7-sinfdan buyon maktab “Kichik akademiya”si informatika toʻgaragining faol aʼzosi. Ustozi Nazokat opa Qulmatovaning tinib-tinchimas, eng sersavol shogirdi. Hamisha ustozining yonida. Bilmaganlarini sinchiklab oʻrganadi, informatika sohasidagi yangiliklar, yutuqlar haqida mustaqil oʻrganganlarini ham darhol ustozi bilan muhokama qiladi.

7-8-sinflarda ketma-ket informatika boʻyicha “Bilimlar bellashuvi”ning shahar gʻolibi boʻldi. Va respublika fan olimpiadasida qatnashish imkoniyatiga ega boʻldi. Izzatilla Respublika olimpiadasida ham 1-oʻringa loyiq topildi. U “Kichik akademiya”da “Kalkulator”, “Kichik OS”, “Elektron soat” mavzulari ustida ishlab Delphi va Paskal dasturlash tillarida darslikdan tashqari mavzularda dasturlar yaratdi. Sir emas, internet tarmoqlarida yoshlarning ongini zaharlovchi turli oqimlar paydo boʻlmoqda. Intiluvchan dasturchi oʻsmir yoshlarning bu kabi axloqsiz axborotlar taʼsiriga tushib qolayotganidan nihoyatda xavotirlangani bois bu koʻngilsizlikning oldini olish imkoniyatiga ega boʻlgan “SchoolNet Browser”ni yaratdi. Bu brauzer orqali ota-onalar bolasini internet faoliyatini kuzata oladi. Chunki unda ota-ona nazorati funksiyasi mavjud boʻlib u ishlash jarayonida maʼlumotlar maydonini zararli saytlardan filtrlab turadi.

Yangi yil arafasida Izzatilla va uning jamoasi hayotida unutilmas voqea yuz berdi. Jahon banki va BAA tomonidan respublika miqyosida oʻtkazilgan “Open Data Challenge – 2020” xakatonida u sardorlik qilgan “Novathrones” jamoasining “SchoolNet Browser” loyihasi 1-oʻringa loyiq deb topildi va 6000$ miqdordagi sovrinni qoʻlga kiritishdi. Bu albatta yosh dasturchi va uning doʻstlarini yangi gʻalabalarga ilhomlantirdi. Bu yil 11-sinf oʻquvchisi Izzatilla informatika fani boʻyicha “Fan olimpiadasi” shahar bosqichida gʻolib boʻlib, Xalqaro Informatika Olimpiadasi saralash bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Shu kunlarda Izzatilla oʻzining “Nano Sphera” loyihasi ustida ishlamoqda.

Izzatillaning maqsadi, oʻz jamoasini shakllantirish. Oʻzining IT startapiga asos solish. Vatanimizning raqamli taraqqiyoti rivojiga kichik boʻlsa-da hissa qoʻshish.

Orzularing amalga oshsin, Izzatilla.

 

Nasiba RAHMONOVA,

Toshkent shahar Sergeli tumanidagi

300-maktab oʻqituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.