Burgutlar uchadigan qoya
Shunday kunlar boʻladiki, bir umr xotirangda muhrlanib qoladi. Bundan 11 yil avval vohamizda boʻlib oʻtgan adabiyot kunlarini hali-hanuz toʻlqinlanib eslayman. Chunki oʻshanda men Oʻzbekiston Qahramoni, sevimli shoirimiz Abdulla Oripov bilan yuzma-yuz oʻtirib suhbatlashish, uning adabiyotimiz, zabardast ijodkorlarimiz haqidagi samimiy dil soʻzlarini tinglash baxtiga muyassar boʻlgandim.
2010-yil Surxondaryo vohasida viloyat hokimligi tashabbusi bilan Adabiyot kunlari oʻtkazildi. Avval Termiz shahrida soʻng Boysunda davom etgan adabiyot va maʼnaviyat bayrami surxondaryoliklar hayotida muhim voqea boʻlgan edi. Boysunning uch zabardast adibi (marhum) Shukur Xolmirzayevning 70 yillik yubileyi, Usmon Azim, Erkin Aʼzamlarning 60 yoshlarini nishonlash asnosida ularning ijodiga, adabiyotimiz va maʼnaviyatimizga qoʻshgan hissasiga nazar tashlash, kitobxonlikni targʻib qilish tadbirning mazmun-mohiyatini tashkil etardi. Adabiyot kunlarida Usmon Azim, Erkin Aʼzam bilan birgalikda adabiyotimiz va sanʼatimizning eng peshqadam vakillari – Oʻzbekiston xalq shoirlari Abdulla Oripov, Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir, Xurshid Davron, Azim Suyun, Eshqobil Shukur, Qoʻchqor Norqobil, Islom Hamro kabi sheʼriyat dargʻalari, surxondaryolik shoir Shafoat Rahmatillo, adabiyotshunos olimlar: Ibrohim Haqqul, Norboy Jabborov, Shuhrat Rizayev, Oʻzbekiston xalq artistlari Muhammadali Abduqunduzov, Kenjaboy Serjanov ham ishtirok etishdi.
Boysun Madaniyat saroyida “Quralay” bolalar folklor-etnografik ansambli jamoasi, karnaychi va surnaychilar, doirachilar toshkentlik hurmatli mehmonlarni kuy-qoʻshiq sadolari ostida kutib olishdi. Boysunlik soʻz ustasi Temir Shukur olib borgan adabiy kechada Vatanimizning taniqli shoir va olimlari soʻzga chiqishdi. “Sizlar ota uyidan otangiz farzandi boʻlib chiqib ketgan edingiz, bugun millat farzandi boʻlib Boysunga keldingiz”, – dedi Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir.
– Hamyurtingiz Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev oʻz asarlari bilan oʻziga qoʻl bilan tiklab boʻlmas haykal qoʻyib ketdi. Uning ijodi Boysun togʻlaridek serviqor, abadiyatga daxldor, – dedi Abdulla Oripov toʻlqinlanib. Tadbir davomi Shukur Xolmirzayev, Usmon Azim va Erkin Aʼzam tahsil olgan 1-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻtdi. Kunning ikkinchi yarmida boʻladigan tantanali uchrashuvga ota-onalar, ustozlar, oʻquvchilar toʻplanishdi. Maktab bayramona bezalgan. Hamma tomondan adabiyot va maʼnaviyat nafasi sezilib turardi.
Abdulla Oripov boshqa mehmonlardan oldinroq maktabga kirib keldi. Direktor xonasiga kirganimizdan soʻng Choʻlli Yaxshiboyev oʻzini va meni Abdulla akaga tanishtirdi.
– Uchrashuvni qayerda oʻtkazishni rejalashtirayapsizlar? – soʻradi Abdulla aka.
– Maktab klubida, – dedi direktor.
– Yoʻq, mehmonlar va yigʻilganlar koʻpchilik, ular zalga sigʻishmaydi. Maktabning old maydonida, tashqarida oʻtkazamiz, – dedi Abdulla aka.
– Boʻlmasa, sizlar bemalol suhbatlashib oʻtiringlar, men uchrashuvga tayyorgarlik koʻray, – dedi Choʻlli aka. Abdulla aka ortiqcha mulozamatni, tantanabozlikni yoqtirmasligi, oʻzini oddiy odamlardek tutishi sezilib turardi.
Kotiba choynakda choy keltirdi. Men Shukur Xolmirzayev bilan bir koʻchada yashaganimizni va koʻp muloqotda boʻlganimni aytdim.
– Shukur mening eng yaqin doʻstim edi, – dedi Abdulla aka, – talabalik yillarimizda ikkimiz mahalladan mahallaga ijara uylarga koʻchib yashaganmiz. Adabiyot haqida tonggacha suhbatlashardik. Oʻzbek va rus yozuvchilarining mashhur asarlarini oʻqib muhokama qilardik. Shukur yaxshi sheʼrlar ham yozardi. Lekin nasrda unga teng kelib boʻlmasdi.
Shukurlarning uyida koʻp boʻlganman. Shukurning onasi Oysha opaga ona, deb murojaat qilardim. U kishi esa meni oʻgʻlim, deyardi. Ertalab turganimizda xontaxta ustida ikki kosada bugʻi chiqib turgan sut va Boysunning endigina tandirdan uzilgan issiqqina chapati noni boʻlardi, – Abdulla aka bilan suhbatimiz qizigan paytda uchrashuv boshlanib qoldi.
Oʻquvchilar sheʼrlar aytishdi, mehmonlarni tabriklashdi. Shukur Xolmirzayev, Usmon Azim va Erkin Aʼzamga taʼlim bergan ustozlar Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi Vahob Qahhorov, Xurram Xoliqovlar soʻzga chiqishdi, adiblarning yoshlik yillarini eslashdi. Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov aytgan purmaʼno soʻzlari yigʻilganlarning bir umr eslarida qoldi:
– Aziz bolalarim! Xalqimizda qadim-qadimdan “Maktab koʻrganmisan?” degan ibora ishlatiladi. Sizlar faxr bilan “Men Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev oʻqigan maktabda oʻqiganman”, deb maqtansangiz arziydi. Chunki Shukur Xolmirzayev adib sifatida shunday yuksak mahoratga, badiiy mukammallikka erishgan edi-ki, uning adabiyotdagi saviyasi, fasohati, mangulikka daxldor ijodi Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan buyuk adiblar ijodidan aslo kam emas. Bu maktabdan yana adabiyot osmonida shiddatli parvoz qilayotgan burgutlar Usmon Azim va Erkin Aʼzamlar yetishib chiqqan. Sizlar uchun ham maktab – qoya boʻlishi lozim! Yaʼni, burgutlar uchadigan qoya!
Abdulla akaning “Maktab – burgutlar uchadigan qoya” degan ibratli jumlasi bugungi kunda ham, kelajakda ham ilm-fanga intilishning shiori boʻlib qoladi.
Qadimgilar inson umrini karvonga oʻxshatishgan. Ufq tomon ketayotgan karvon sizdan asta-sekin uzoqlashib, oxiri koʻrinmay qoladi. Inson umri ham shunday. Abdulla Oripov bugun oramizda yoʻq. Ammo shoirning karvoni beiz oʻtgani yoʻq. Javohirlardan-da qimmatli hikmatlar toʻla kitoblar sandigʻini qoldirib ketdi. Bunday barakali umr karvoni har kimga ham nasib qilavermaydi. Hikmat shundaki, shoir olamdan oʻtsa-da, uning kitoblarga muhrlangan soʻzi, fikri demakki, muqaddas yodi xotiralarda abadiy yashayveradi.
Ochil TOSHQULOV,
Xalqaro ilmiy akademiya professori.