Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Turfa fikrlar bahsi

Yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning iqtidorini, intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, ular qalbida adabiyotga, sheʼriyatga, tasviriy sanʼatga mehr uygʻotish orqali maʼnaviy dunyosini milliy va umuminsoniy gʻoyalar bilan boyitish, shuningdek bebaho neʼmat – Mustaqilligimiz qadrini yanada yuksaltirish bugun oʻzini shu vatan rivojiga daxldor deb bilgan har bir insonning ezgu niyatiga aylanib bormoqda. Shu maqsadda oʻtkazilgan Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashining tashabbusi ostidagi “Mustaqillik, mening tasavvurimda” koʻrik – tanlovining final bosqichi yakunlandi.

Taniqli yozuvchilar, rassomlar, sanʼatkorlardan tashkil topgan hayʼat aʼzolari tumanda birinchilikni qoʻlga kiritib shahar bosqichiga yetib kelgan 22 iqtidorli oʻquvchini sheʼriyat, tasviriy sanʼat borasidagi bilim va isteʼdodlarini toʻrt bosqichda sinovdan oʻtkazdi.

Bizni quvontirgani, bellashuv ishtirokchilarining har biri Mustaqillik mavzusini oʻz kuzatuvlari asosida oʻziga xos uslubda tasvirlashga uringani boʻldi. Garchi mavzu bir xil boʻlsada taʼrif, tasavvur rang – barangligi koʻrik-tanlov ishtirokchilarining oʻz mustaqil fikriga ega chinakam mustaqillik farzandi ekanliklarini namoyish qildi.

Koʻrik – tanlovning sheʼriyat yoʻnalishi boʻyicha 1-oʻringa Sergeli tumanidagi 6-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Samariddin Yoʻldoshev, 2-oʻringa Olmazor tumanidagi 169-maktab oʻquvchisi Otabek Ortiqov, 3-oʻringa esa Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti qoshidagi akademik litsey oʻquvchisi Avazbek Tursunov loyiq topildi.

Tasviriy sanʼat yoʻnalishi gʻolibligi Yashnobod tumanidagi 231-maktab oʻquvchisi Visola Arziqulovaga nasib etdi. Ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni Yunusobod tumanidagi 246-maktab oʻquvchisi Alina Fyodorova bilan Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 50-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Liza Figlinalar qoʻlga kiritdi.

Gʻoliblar OʻzMTDP Toshkent shahar Kengashining Faxriy yorliqlari hamda homiy tashkilotlarning esdalik savgʻalari bilan taqdirlanishdi.

 

M. Hamidova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.