Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mukofot muborak, ustozlar

Mustaqilligimizning 28 yillik tantanalari arafasida bolalarning suyukli ijodkori, Gulxanjonning erka bobosi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyevning adabiyotimiz oldidagi mashaqqatli va samarali mehnatlari inobatga olinib Hukumatimiz tomonidan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan, chinakam bolajon adiba, ham oʻzbek tilida, ham rus tilida bolalar uchun hormay-tolmay ijod qilayotgan Kavsar opa Turdiyeva esa “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi” yuksak unvoni bilan taqdirlanishdi.

Bu xushxabardan, nafaqat bolalar ijodkorlari, balki “Gulxan” jamoasining ham boshi koʻkka yetdi.

Biz qadrdon ustozlarimiz, hammaslak mualliflarimizni ushbu yuksak mukofotlar bilan chin qalbdan jamoamiz va koʻp ming sonli jurnalxonlar nomidan samimiy qutlaymiz.

Ularga mustahkam sogʻlik hamda bolalar olamining barcha begʻubor tilaklarini tilab qolamiz.

Ishonamizki, bundan buyon ham bolajon ustozlar bilan hamkorligimiz davom etadi. Hali siyohi qurimagan zamonaviy, qiziqarli asarlari bilan jurnalxonlarimiz maʼnaviyatining boyishiga hissa qoʻshaveradilar.

 

“Gulxan” jamoasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.