Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Unutishga haqqimiz yoʻq

Yaqinda oilamiz bilan birgalikda ona shahrim – Buxoroning koʻhna va betakror obidalari, soʻlim goʻshalarini tomosha qilgani bordik. Istiqlol tufayli qaddini ham, qadrini ham qayta tiklagan, kundan-kunga chiroy ochib, yasharib borayotgan Buxoroni sogʻinch va mehr bilan aylandik. Ulugʻ pirlar kindik qoni toʻkilgan, oʻtmishi va buguni birday aks etgan muqaddas shahrimning har bir goʻshasi, har bir koʻchasi dilimizga faxr hissini soldi. Biroq ming afsuslar boʻlsinki, bu sayrdan qalbimda bir olam quvonch bilan birga mislsiz ogʻriq ham sezdim.

Har bir gʻishtidan moziy aks-sado berib turgan obidalarida, hujralarida yoshlarning uning qimmatiga putur yetkazuvchi “dastxatlarini” – gʻishtlariga oʻyib yozilgan ismlar, dil izhorlari, yarador yurak suratiga koʻzim tushib dilim xira tortdi. Aslida shu dastxat bilan ular oʻzlarining saviyasini, maʼnaviyatini koʻrsatgan. Ular tarixda qolishmoqchi ekan, nega tayyorga ayyor boʻlib moziyga yopishishadi. Moziy elchisi boʻlgan noyob gʻishtlar yuziga qora parda tortishadi. Mard boʻlishsa, maydonga chiqishsin. Aqli, zakovati, bilimi, hunari bilan ulugʻ bobolarga munosib voris ekanligini isbotlashsin. Tarix kitobi ularga ham bajonidil joy beradi.

Yana bir xil “rassomlar” esa istirohat bogʻlaridagi tabiatning shoh asarlari boʻlgan ulkan daraxtlarga ismlarini yozib qoʻyishibdi. Axir bir niholning bunday ulkan daraxtga aylanishi uchun tabiatning, odamlarning qancha mehnati singgan. Nomini tarixga “muhrlayotgan” bola ana shu mehnatga bepisandlik, tabiatga xiyonat qilayotganini nahotki sezmasa?! Tarixiy obidaga rasm chizgan bola balki shu ishi bilan yodgorlikka yoki tarixga hurmatini izhor qilmoqchi boʻlgandir. Bu mehrni boshqa yoʻl bilan ham koʻrsatsa boʻlardi. Masalan, uning yonida suratga tushsin. Yillar oʻtib bu suratni qoʻlga olganida, farzandlariga koʻrsatganda qalbi quvonch va iftixorga toʻlmasmidi? Alam qiladigani, bu “esdaliklar”da qiz bolalarning ham ishtiroki. Axir sharqona axloq egasi boʻlgan qiz yuragi tubida yashirishi kerak boʻlgan tuygʻusini hammaga oshkor qila oladimi?

Bu xunuk manzaralarni koʻrib oʻylab qoldim. Nima uchun militsioner amaki yoʻl harakati qoidasini buzgan haydovchi, yoʻlovchiga jarima soladi-yu, tabiatga, tarixga, milliy boyligimizga zarar yetkazgan dilxiraliklarga koʻz yumadi? Nima uchun piyolasini sindirib qoʻygan oʻgʻli yoki qizini koyigan ota-ona, kitobini yirtgan yoki maktab mulkiga ziyon yetkazgan oʻquvchini jazolagan muallim tarixiy meros kushandasiga jim qarab turadi? Tarixiy obidalarning har bir gʻishti ajdodlar yodi, muqaddas xotirasi boʻlishi kerak emasmi? Biz yoshlarning ehtimol bunga ongimiz, farosatimiz yetmas, katta avlod vakillari-chi, ular nega loqaydlik qiladi?

Bugun dunyo nigohi Oʻzbekistonga qaratilgan, sayyohlar daryoday oqib kelayotgan bir paytda har birimiz bunday madaniyatsizlikka qarshi kurashaylik. Aziz tengdosh, bizni dunyolarga tanitgan Samarqand-u Buxorodagi meʼmoriy obidalar vatanimizning, bizning ulkan boyligimiz, tengi yoʻq qadriyatlarmiz, qudratimizni dunyoga koʻrsata olgan oltin meros. Shunday ekan, uni asrab-avaylash, bu boylikni avlodlarimizga bus-butun yetkazish ajdodlar oldidagi farzandlik burchi ekanligini unutmaylik.

 

Kumushoy TOLIBOVA,

Buxoro tumani 23-maktab 5-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.