Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yosh kimyogarlar bellashuvi

Mana bir necha yildirki, yurtimizning oʻsmir yoshlari Xalqaro Mendeleyev Olimpiadasida ishtirok etib, qator medallarni qoʻlga kiritib kelmoqdalar. Aprelning soʻnggi kunlarida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtgan 53-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida ham ular oʻz salohiyatlarini koʻrsatib, mamlakatimizga 1 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medal bilan qaytdilar. Gʻoliblar – Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litseyning 3-bosqich oʻquvchilari Islomjon Karimov oltin, Ulugʻbek Boyirbekov kumush, 2-bosqich oʻquvchisi Mohira Boltayeva bronza, Toshkent davlat agrar universiteti qoshidagi akademik litseyning 3-bosqich oʻquvchisi Diyor Hayitov kumush medal sohibi boʻldilar.

Bu yil dunyoga mashhur rus kimyogar olimi Dmitriy Ivanovich Mendeleyevning kimyoviy elementlar davriy jadvalini yaratganiga 150 yil boʻldi. Shu munosabat bilan u yashab, faoliyat yuritgan Sankt-Peterburg shahrida oʻtgan xalqaro fan olimpiadasida 29 davlatdan 160 oʻquvchi ishtirok etdi.

– Nufuzi yildan yilga ortib borayotgan ushbu Xalqaro olimpiadaga kelayotgan ishtirokchilarning bilim darajasi ham nihoyatda yuqori boʻlib bormoqda. Shunga qaramay bizning oʻquvchilar boshqa davlat yoshlaridan hech kam emasligi, bilim jihatidan koʻpgina davlat yoshlaridan ustun ekanligi nazariy hamda amaliy imtihonlarda bilinib turdi. Biz olimpiadaga bir necha yil puxta tayyorgarlik koʻrgan, maʼlum bosqichlardan oʻtgan oʻquvchilarni tanlab olib, ularning darsdan tashqari vaqtlarda shugʻullanishlari uchun tayyorlov mashgʻulotlari tashkil etdik. Taniqli kimyogar olimlar ishtirokida mahorat darslari oʻtildi. Mehnatlarimiz oʻz samarasini berdi, oʻquvchilarimiz yurtimizga ulkan gʻalaba bilan qaytishdi. – deydi akademik litsey direktori Ortiqboy Eshonqulov.

– Rossiya, Ukraina, Belorussiya kabi davlatlardan kelgan oʻquvchilarning bilimi yuqori darajada edi. Bizning yutugʻimiz bugun bizga taʼlim berayotgan oʻqituvchilarimiz ham oʻz vaqtida Xalqaro Mendeleyev olimpiadasining oltin medallariga sazovor boʻlganidadir. Biz bu anʼanani davom ettirmoqdamiz. Raqiblarimiz juda kuchli boʻlishiga qaramay, gʻalabaga boʻlgan ishonchimiz sira soʻnmadi. Jamoamiz bilan maqsad sari intilib, gʻolib boʻldik va Vatanimizga yorugʻ yuz bilan qaytdik. Bundan keyin ham kimyo fani yoʻnalishida oʻqish va ishlarimni davom ettirib, yurtimiz shaʼnini xalqaro maydonlarda ulugʻlash uchun bor bilim va imkoniyatimni ishga solaman, – deydi oltin medal sohibi Islomjon Karimov.

Mehnatning tagi rohat, deganlari shu-da. Olimpiada gʻoliblari kelgusida mamlakatimizdagi oʻzlari istagan oliy oʻquv yurtiga imtiyozli ravishda oʻqishga qabul qilinadi. Ishonamizki, Oliygohda ham ular shu harakat, shu intilishni davom ettirib bundan-da katta yutuqlarga erishadilar.

 

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.