Ustoz faxri
7-”A” sinfining adabiyot fani darsidamiz. Bugungi mavzu O‘zbekiston xalq yozuvchisi Mirmuhsinning “Me’mor” romani. Noan’anaviy “ijodkorlik darsi”ni til va adabiyot o‘qituvchisi Muxtasar Umarova “Tafakkur va xayolot sehrgari” deb nomlabdi. Darsda o‘quvchilar guruhlarga bo‘linib, yozuvchi ijodi va asar bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi. Roman haqida olgan bilimlari, yozuvchining maqsadi-yu, asarning g‘oyasi, XV asr Movarounnahr va Xurosondagi tarixiy voqealarni chuqur o‘rgangan bolalar darsda faol bo‘lishdi. O‘quvchilar nafaqat o‘sha davr arxitekturasi, bugungi me’morchiligimiz, milliy ustachiligimiz asosida qad rostlayotgan binolar haqida ham to‘xtalishdi.
Men o‘quvchilarning mavzuni chanqoqlik bilan o‘rganganlaridan quvondim, chunki Xalq ta’limi a’lochisi, izlanuvchan, ijodkor o‘qituvchi Muxtasarxon mening shogirdim.
Muxtasar har bir darsni o‘ziga xos usulda, teatrlashtirib o‘tkazadi. Muhimi, u sinfdagi 34 o‘quvchining har biri darsda ana shunday faol ishtirok etishini ta’minlaydi. U darslarni goh Respublika bolalar kutubxonasida, goh tarix, adabiyot muzeylarida o‘tadi. Darsga mutaxassis va olimlarni ham hamkorlikka chorlaydi. Bir yilda ikki marta “Yozuvchi darsi”ni tashkil etadi. Yuqoridagi dars ham ana shu usulning bir ko‘rinishi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev, shoiralar Nodira Rashidova, Umida Abduazimova, yozuvchilar Iskandar Rahmon, Muhabbat Hamidova bilan hamkorlikda o‘tkazilgan darslar o‘quvchilarga manzur bo‘ldi. Axir, ijodkorlar qo‘lidan “besh” baho bilan birga dastxat yozilgan badiiy kitoblar olish, ularning asar haqidagi fikrlarini tinglash o‘quvchilar uchun faxr emasmi?!
Muxtasar Umarovaning “O‘quvchilarning badiiy adabiyotga qiziqtirish usullari”, “Yozuvchi darsi” tashkil etish borasidagi ish tajribalari ommalashtirilmoqda.
Shunday rivoyat bor: Podshoh farzandidan taxtga o‘tirgach, ishni nimadan boshlamoqchiligini so‘raydi. Shahzoda jannatiy bog‘ yaratmoqchiligini aytadi. Shunda podshoh o‘g‘liga shunday deydi:
– Ey o‘g‘lim, puli ko‘p har bir inson bog‘ yaratishga qodir. Siz ilm-ma’rifat, ma’naviyat bog‘ini bunyod etingki, u insonlarga ruhiy manfaat yetkazsin, qorong‘ulikda qolganlarni yorug‘likka olib chiqsin.
Ha, ma’naviyat, ma’rifat bog‘i ko‘ngillarni poklaydi. Ustoz Muxtasar Umarova ham ma’rifat bog‘ining bog‘boni. Uning mehridan, ilmidan bahramand shogird – nihollar ulg‘ayib, ma’naviyatli insonlar safida vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishlari shubhasiz. Chinakam ustozning mehnatidan kutgan samarasi ham ana shu aslida.
Mahmuda VALIYEVA,
O‘zbekiston Xalq ta’limi a’lochisi