Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Vatanim – onam

Besh yoshimda biz besh farzand – opalarim – Rohatoy, Ra’no, akalarim Samandar, Saidbek va meni Andijon shahridagi Bolalar shaharchasiga olib kelishdi. Biz uyatdan, o‘kinchdan juda ezilgan edik.

Bu yerlarga kelishimizga ota-onamiz aybdor. Ular yomon odamlarning gapiga kirib, yo‘ldan adashishdi, kechirilmas gunoh qilishdi. Ulardan, hatto biz bolalardan ham barcha qarindosh-urug‘larimiz yuz o‘girdi. Ammo bag‘ri keng, kechirimli Vatanimiz garchi ota-onamiz qilmishidan ranjigan bo‘lsa-da, biz opa-ukalarni tashlab qo‘ymadi, bir-birimizni yo‘qotib qo‘yishimizga ham yo‘l qo‘ymadi. Ota bo‘lib boshimizni siladi, ona bo‘lib bag‘riga oldi. Vatan bizga Donoxon ayamiz qiyofasida g‘amxo‘rlik qildi. Bolalar shaharchasi bizga o‘xshagan ko‘ngli o‘ksik bolalar, ko‘ngli yarim onalarga izlaganini berdi, bag‘rimizni butun qildi. Yeyish – ichishimiz ham, tarbiyamiz ham bekam-u ko‘st. Maktabga avtobusda qatnaymiz, sinf rahbarlarimiz onalarimiz bilan mustahkam aloqa bog‘lagan. Onam o‘qishdagi yutuq va kamchiliklarimizdan hamisha xabardor, muvaffaqiyatimizdan quvonsa, xatolarimizdan kuyinadi, to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi. Oila tafti, oila muhiti shunday bo‘lar ekan-da.

Shaharchamiz xuddi ertaklardagi qasrlarga o‘xshaydi. Jurnalistlar uni bejizga “Mehr qasri” deb atashmaydi. Bu yerda biz vatan, oila, qarindosh-urug‘lik mehrini his qilib yashayapmiz. Shaharchamizda 20 dan ortiq to‘garak bor. Kim qaysi kasbni, fanni xohlasa o‘sha to‘garakda shug‘ullanaveradi. Opam va men Alisher aka Tojiboyev rahbarligidagi raqs to‘garagiga qatnashamiz. Shahar bo‘yicha o‘tkazilgan “Kamalak yulduzlari” tanlovida chiroyli raqsim bilan birinchi o‘rinni egalladim.

Biz – opa-ukalar ulg‘aygach, ona Vatanimiz, Dono ayamiz ko‘rsatgan mehrga munosib javob berishga, ularning ishonchini oqlashga astoydil niyat qilib, yaxshi baholarga o‘qiyapmiz, hunar o‘rganyapmiz.

 

Oqoyim AMIRJONOVA,

Andijon Bolalar shaharchasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.