Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Chingiz Aytmatovni qoyil qoldirgan aktrisa

Zangori ekranda Qunduz amakining qissalarini miriqib tinglab, ora-chora gap tashlab qo‘yadigan Qunduz qizni chiroyli ovozda gapirtirib, barchangizni ekranga mahliyo qilib qo‘ygan, suyukli san’at maskaningiz Respublika yosh tomoshabinlar teatri sahnasida yuzlab o‘g‘il va qiz bolalar, beozor jonivorlar obrazlarini yaratgan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yodgora ZIYOMUHAMEDOVAni yaxshi taniysiz.

Bugun sizlar bilan bolalikka sadoqatli, bolajon aktrisamizning xotiralariga quloq solamiz.

 

Chumchuqcha

1952-yilda Toshkentning Janggoh mahallasida tug‘ilganman. “O‘zbekfilm”da ishlaydigan dublyaj ustasi Mukambar opa Rahimova bizga qo‘shni edi. Darvozamiz oldidagi daraxt shoxida o‘tirsam Mukambar opa o‘tib qoldi, men ularga salom berdim.

– Hoy chumchuqcha, – dedilar Mukambar opa salomimga alik olar-olmas vahima bilan, – pastga tush-ye, yiqilib ketasan, – degancha o‘tib ketdilar. Besh-o‘n, qadam nari ketgach ortlaridan chaqirdim, – Mukambar op-a-a... Opa to‘xtab atrofga qaradilar, hech kim ko‘rinmagach mendan so‘radilar:

– Yodgora, meni kimdir chaqirdimi?

– Men chaqirdim.

– Aldama, chaqirgan o‘g‘il bola edi-ku.

– Men o‘g‘il bolacha gapira olaman, – dedim ovozimni o‘zgartirib.

– Yodgora, ertaga seni ishxonamga olib boraman, – dedilar jilmayib.

Ertasiga opa bilan uzun yo‘lakli chiroyli binoga borib, qorong‘iroq xonaga kirdik.

– Mana shu yerda o‘tirib, men bilan kino ko‘rasan. O‘zi hind filmi. Lekin qahramonlari ruscha gaplashadi. Filmda sen tengi bolalar bor. Sen ulardan biriga ovoz berasan. Og‘zining ochilib yopilishini yaxshilab kuzat. Men u nima deyotganini aytib beraman. Sen o‘zbek tilida u bo‘lib gapirasan, – dedilar.

Filmda bolaning otasi mashina tagida qolib halok bo‘ladi. Shunda bola rosa yig‘laydi. Men yig‘lashni qoyillatdim. Ammo o‘sha sahna tugab, bola kadrdan chiqib ketganda ham yig‘layverdim. Mukambar opam ham meni quchoqlab yig‘lab yubordilar. Esxonasi chiqib ketgan dublyaj rejissori bizni arang to‘xtatdi.

– Yodgora otasi vafotidan keyin tug‘ilgan, – dedi Mukambar opam.

– Qizaloqni tushundim, ammo siz nega yig‘laysiz, bezobraziya, – dedi rejissor hayajondan trubkasini og‘ziga teskari tiqib.

Men kemshik tishlarimni ko‘rsatib kulib yubordim.

– Iye, qizingizni hali tishlari ham chiqmagan-ku, – rejissor hayron qolganidan qo‘lidagi trubkasi yerga tushib ketdi.

– Hechqisi yo‘q, uning tishlari dublyajda chiqadi, – dedi Mukambar opam.

Shu kundan boshlab har kuni “O‘zbekfilm”ga qatnay boshladim. O‘qishni bilmaganim uchun menga obrazdagi so‘zlarni ularning o‘zlari yodlatishar edi. Tomoshabinlar arab, hind, rus filmlaridagi o‘g‘il va qiz bolalarning ovozini mening talqinimda eshita boshladilar. “Xayolparastlar”, “Diqqat, toshbaqa!”, “Qor Malikasi” filmlaridagi yigitchalarga ham men ovoz berganman. Biroq, hech kim ularga qiz bola ovoz berganini sezmagan.

 

Bir qozon bo‘tqa

Toshkentdagi 75-maktabning 1-sinfiga o‘qishga bordim. To‘g‘risi, Mukambar opam bilan kinostudiyaga qatnab yurganimda harflarni tanib olganim uchun o‘qish qiyin bo‘lmadi. Eng a’lochi o‘quvchi sifatida ustozim Huri Xolmuhamedovaning erkatoy o‘quvchisiga aylandim. Xotiram juda yaxshi edi. O‘qituvchining og‘zidan chiqqan gapni yodlab olaverardim. Uyga kelgach goh Halima opam, goh Muborak opam menga dars tayyorlatishmoqchi bo‘lishardi. Lekin ulardan oldin o‘zim hamma darslarimni qilib qo‘yardim.

5-sinfga o‘tganimda rosa xursand bo‘ldim. Chunki adabiyot muallimasi Zuhra opa Sultonxo‘jayeva menga uyda ko‘p she’r yodlab kelishni topshirardi. Yodlab bo‘lganimdan keyin ustoz ularni ifodali o‘qishni o‘rgatar, ba’zan, ana endi bu she’rni qo‘shiq qilib ayt. Chunki seni ovozing juda shirali, derdilar jilmayib.

Maktabda a’lochi bo‘lsam ham, uyda ancha erkatoy, to‘polonchi edim. Biroq oyim menday to‘polonchiga ham o‘zimga mos, qiziqarli ish topib berardilar. Oynalarni artish, hovlidagi gullarning tagini yumshatish, gilosni talayotgan qushlarni haydash.

Oyim do‘ppido‘z edilar. Opalarimga ham bu hunarni o‘rgatgandilar. Onam do‘ppi tikishdan tashqari “Sharq guli” fabrikasida ham ishlardilar. Onam kelguncha opalarim kechki ovqatni tayyorlab qo‘yishardi. Bir kuni do‘ppiga ko‘p buyurtma tushdi. Halima opam Muborak opamga ovqat qilishni buyurdi. Shunda men “Halima opa, Muborak opam ham sizlarga qarashaversin, men osh qilaman”, dedim.

– Osh emas, sho‘rva qila qolsin, osh damlashni bilmaydi, – dedi Muborak opam.

– Yo‘q, osh qilaman, osh pishirishni bilaman, – dedim qaysarlik bilan. Chunki ikki kun avval oyim osh damlagan, anchagina to‘g‘ralgan sabzi ortib qolgandi. Bir amallab sabzi-piyozni qovurdim, suv quydim...osh tayyor bo‘ldi. Oyim oshni suzmoqchi bo‘lib qozonning qopqog‘ini ko‘tardilar. Ne ko‘z bilan ko‘raylik-ki, osh o‘rnida bir qozon guruch bo‘tqa vaqirlab qaynab yotardi...

 

Mahallada konsert

Uyimiz Pushkin – hozirgi Abdulla Qodiriy bog‘iga yaqin edi. Mahallamizda ruslar, yahudiylar, tatarlar bilan qo‘shni bo‘lib yashardik. Juda ahil edik. Qo‘shnimiz Sonya opa biz bolalarni to‘plab har xil raqslar, qo‘shiqlar o‘rgatar, she’rlar yodlatardi. Kechki payt katta-yu kichik mahalladagi yalanglikka o‘rnatilgan yog‘och karavotlarga kimdir qaynab turgan samovarini, kimdir yopgan nonini, kimdir hovlisida pishgan meva-chevalarni ko‘tarib chiqardi. Biz ularga konsert qo‘yib berardik. Ko‘chamizning narigi tarafida qandaydir yotoqxona hamda Qariyalar uyi ham bor edi. Bir kuni Sonya opa, “bolalar, sizlarning konsert dasturlaringiz Qariyalar uyidagi bobo-buvilarga ham eshitilayotgan ekan. Ular sizlarni taklif qilishyapti”, deb qoldi. Shundan keyin biz haftada bir marta Qariyalar uyiga ham borib konsert beradigan bo‘ldik.

Buvijonim menga juda ko‘p ertaklar aytib berardilar. 4-sinfda o‘qiyotganimda buvim vafot etdi. Endi oyim o‘z boshidan kechirganlarini ertak qilib aytib beradigan bo‘ldilar. Bu ertaklarni eshitsam yig‘layverardim. Bir kuni Halima opam “Yodgora, oyimning ertaklari tugab qoldi, yana o‘zlari ishdan charchab keladilar. Sen yaxshisi, kutubxonadan kitob olib o‘qi, axir o‘qishni yaxshi bilasan-ku”, dedilar. Ertasiga qo‘limdan yetaklab “Marhamat” mahallasidagi kutubxonaga olib bordilar. To‘g‘risi, men har kuni bitta kitobni o‘qib tugatardim. Po‘lat Mo‘min, Ilyos Muslim, Quddus Muhammadiy she’rlarini bir zumda yodlab olardim, Pushkinning she’riy ertaklari jon-u dilim edi. Men uchun kitobsiz hayot, hayot emasday tuyulardi. Bir kuni kutubxonachi, “Yodgora, kutubxonadagi deyarli barcha kitoblarni o‘qib bo‘lding. Yangi kitoblar olib kelgunimcha, o‘quvchilar saroyidagi birorta to‘garakka qatnashib tura qol”, dedi.

Bu gap menga va oyimga ma’qul tushdi. Tuman o‘quvchilar saroyidagi drama to‘garagiga qatnay boshladim. To‘garak rahbari Lutfiya opa ovozimni har xil qila olishimni sezgach, menga goh o‘g‘il bola, goh qo‘rqoq quyoncha, goh dovdir bo‘ri rollarini topshira boshladilar. O‘g‘il bolalar rolini nega yaxshi o‘ynashimni aytaymi? O‘zi tabiatim o‘g‘il bolacharoq. Keyin mahallada ham o‘rtoqlarimning ko‘pchiligi o‘g‘il bolalar edi. Ular bilan futbol, chillak o‘ynardim, lankani o‘g‘il bola o‘rtoqlarimdan ham ko‘proq tepardim. Daraxtdan daraxtga sakrashda-ku hech kim menga teng kelolmasdi.

Men yozgi ta’til paytida qarindoshimizning do‘konida non sotardim. Savdoga ham ancha qo‘lim kelib qolgandi. Ishlab topgan pulimga esa yangi o‘quv yiliga daftar, qalamlar, yangi kiyimlar sotib olib berardilar.

 

Shokolad quyoncha

Bolaligimizda archa bayramini juda sog‘inib kutardik. Chunki u paytlarda uylarimizda archa yasatilmasdi. Shundanmi, maktabda bezatilgan archa ko‘zimga shunaqa chiroyli, sirli ko‘rinardiki... Har bitta o‘yinchoqni qo‘lim bilan ushlab ko‘rgim kelardi. Bir kuni onamga bildirmay Qorboboga, “Bitta o‘zimga chiroyli archa o‘yinchoq yuboring, qanaqa bo‘lsa ham mayli. O‘z-o‘zimga bo‘lsa bo‘ldi”, deb xat yozganman. Xatimni to‘garak rahbarimiz Lutfiya opa ko‘rgan ekan. Bildirmadilar-u, yonlariga chaqirib, “o‘quvchilar saroyidagi archa bayramga Qorbobo seni shaxsan o‘zi taklif qildi”, dedilar.

O‘sha kuni chiroyli kiyinib, ruscha she’rlar yodlab bordim. Bayramda ham she’r, ham ruscha chastushka aytib, raqsga tushdim. Shunda Qorbobo meni quchoqlab, peshonamdan o‘pdi, xaltasidan yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan kattakon o‘yinchoq chiqarib berdi. Rosa suyunib ketdim. Qarasam, u shokoladdan yasalgan quyoncha ekan. Ancha paytgacha uni yeyishga ko‘zim qiymagan.

Shundan keyin ham men Qorbobodan ko‘p sovg‘a oldim. Lekin men uchun eng azizi Qorbobodan ilk bor olgan o‘sha shokolad quyoncha edi.

Maktabda biz opa-singillar faqat a’lo baholarga o‘qirdik. Hamisha Faxriy yorliq bilan taqdirlanardik. Halol baholar bilan o‘qiganimiz uchun to‘rt opa-singil hammamiz institutlarga o‘qishga kirdik.

 

Bir umrlik quvonch

Bir tong kimdir karavotimni qattiq silkitdi. Cho‘chib uyg‘onib ketdim. Qarasam, butun uy silkinyapti. Ko‘chada ham “qiy-chuv”. Sakrab turib hovliga chiqdim. Onam, opalarim ham hovliga chiqib olishibdi. Hovlimizdagi qiyg‘os gullagan gilos uyoqdan buyoqqa borib kelyapti.

– Yer qimirlayapti qizim, yer, – dedilar oyim meni bag‘irlariga bosib.

O‘shanda 1966-yilning 26-aprel tongi edi. To‘g‘ri, mahallamizdagi uylar zilziladan uncha shikastlanmadi. Biroq, vahimaga tushib qolgan qo‘shnilarimiz uylarida yotishga qo‘rqib qolishgandi. Yer tez-tez silkinib turardi-da. Hovlimiz katta bo‘lgani uchun yerga gilam, sholchalar to‘shab qo‘shnilarimiz ham biz bilan birga tunaydigan bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay zilziladan zarar ko‘rgan maktablarning bir guruh o‘quvchilarini Bokuga jo‘natishdi. Biz uch oy ta’tilni Kaspiy dengizi sohilidagi o‘quvchilar oromgohida o‘tkazadigan bo‘ldik. Oyim meni kuzatayotib, kerak bo‘lsa ishlatasan, deb cho‘ntagimga pul solib qo‘ydilar. Bokuda men bu pulning bir so‘mini ham ishlatmadim. Qaytishimda o‘sha pulga onamga jemper olib keldim. Onam pulni ishlatmaganimga koyisalar ham, sovg‘ani bag‘irlariga bosib, ko‘zda yosh bilan meni duo qildilar. Hayotimda eng ko‘p quvontirgan narsa ana shu – onamga qilgan ilk sovg‘am bo‘lib qoldi.

 

Umr mazmuni

Maktab sahnasida, dublyajda yaratgan rollarim tufayli san’atga qattiq bog‘lanib qoldim. Shu bois maktabni tugatgach, hujjatlarimni hech ikkilanmasdan Mannon Uyg‘ur nomidagi teatr va rassomlik institutiga topshirdim. Ijodiy va kirish imtihonlaridan yaxshi ball to‘plab talaba bo‘ldim. Ustozlardan sahna sirlarini puxta o‘rganishga intildim. Institutni tugatgach, bolalarga bo‘lgan mehrim meni Respublika yosh tomoshabinlar teatriga yetakladi. Bu yerda mehribon ustozlarim Manzura Hamidova, Muhabbat Yo‘ldosheva, Obid Tolipovlar etagidan mahkam ushladim. Ular o‘gitiga, ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlariga amal qilib kam bo‘lmadim. El nazariga tushdim. 1974-yilda birinchi bor “Qizil shapkacha” spektaklida bosh qahramon rolini ijro etdim. Ishimdan qoniqqan rejissorlar menga o‘g‘il bolalar, jonivorlar obrazlarini ishonib topshira boshladi. Men jonivorlar rolida o‘ynashdan avval, ularni yaxshilab o‘rganardim. Masalan, “Chiranchoq quyoncha” spektaklidagi quyoncha obrazini yaratish uchun bir hafta Hayvonot bog‘iga qatnaganman. Bir kun faqat yurishini kuzatsam, boshqa kun ovqat yeyishi va ovozini o‘rganganman. Sababi, kattalarga nisbatan bolalarni ishontirish qiyin.

Bolalarga odob, ajoyib xislat, yuksak fazilat bera bilish, vatanni, xalqni sevishga, e’zozlashga o‘rgatish uchun sahna juda qulay joy. Chunki bola ko‘proq ko‘rganiga amal qiladi. Ana shu vazifani uddaladim shekilli, yosh tomoshabinlar meni yaxshi ko‘rib qolishdi.

1984-yilda “Oq Kema” spektaklida Mo‘min cholning nabirasi Nurg‘ozi obrazini yaratganman. Spektaklni tomosha qilgan muallif Chingiz Aytmatov ijrodan ko‘ngli to‘lib meni maqtagan, ammo qiz bola ekanligimni ko‘rib hayratga tushgan. “Ana, chinakam san’atning kuchi”, deb menga va rejissor Mahkam Muhammedovga minnatdorchilik bildirgan. Ana shu olqishlar, tomoshabin va muxlislar mehri tufayli hamon sahnadaman. Mustaqil yurtimizning zukko, bilimdon bolalariga ma’qul rollar yaratish ustida mehnat qilyapman.

“Gulxan” o‘quvchilarining barchasini yangi yil bilan chin dilimdan tabriklab, teatrimizga taklif qilib qolaman.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.