Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Xalqaro isteʼdodlar akademiyasi haqida bilasizmi?

Mana, o‘quv yilini ham tugatib, yozgi ta’tilga chiqib oldingiz. Lekin qayerdadir bolalar hali ham o‘qishyapti, desam ishonasizmi? I-ye, axir hozir yozgi ta’til-ku, deysizmi? Ha, hozir davlat maktablari uchun yozgi ta’til. Ammo boshqa davlatlar va xalqaro maktablarda iyun yoki iyulda ham o‘quv jarayonlari davom etadi. E-e-e, bo‘lmabdi. Bolalar maza qilib dam olmay qolishar ekan, deb o‘ylab qoldingizmi? Xulosa chiqarishga shoshilmang! Bugun siz bilan xalqaro maktablarda ta’lim jarayoni qanday tashkil qilinishi, ular davlat maktablaridan nimasi bilan farq qilishi, nega ayrim xalqaro maktablarda o‘quv yili bizdagi kabi 25-mayda tugamasligi kabi savollarga birgalikda javob topamiz. Jonajon poytaxtimiz Toshkentda joylashgan Xalqaro iste’dodlar akademiyasi nomli IB maktabiga sayohat bahona xalqaro maktablar faoliyati bilan yaqindan tanishamiz.

 

IB maktabi qanday maktab?

O‘tgan asrning 50-60-yillarida Shvetsariyadagi bir guruh ustozlar ta’limda yangi islohotlar qilish kerak, degan qat’iy qarorga keladi. O‘sha paytda maktablardagi yodlashga asoslangan, bolaning qobiliyatini emas, xotirasini tekshirishga qaratilgan ta’lim usuli kutilgandek natija bermaydi. O‘quvchilarga imtihonlarda o‘qigan ma’lumotlarini qanchalik eslab qolganiga qarab emas, o‘sha bilimlar asosida nimadir yarata olishi va bu bilimlarni hayotda qo‘llay olishiga qarab baho berish kerak, degan fikrga keladilar. Shuningdek, ular butun dunyo maktablari bilan tajriba almashishi zarur. Ya’ni, bolalar sifatli ta’lim olsagina, dunyodagi barcha muammolarni hal qilish mumkin, deb hisoblaydilar va 1968-yilda Jenevadagi konferensiyada “International Baccalaureate” – Xalqaro bakalavriat tashkilotiga asos soladilar. Juda ko‘pchilik ularning g‘oyalarini amalga oshmaydigan xomxayol, puch  utopiya deb hisoblaydi. Ammo bugungi kunga kelib  AQSH, Kanada, Xitoy, Misr kabi dunyoning 104 mamlakatida besh mingga yaqin IB maktablari bor. O‘zbekistonda ham IB tizimida ishlaydigan 10 ta xalqaro maktab mavjud. Shulardan biri International Talent Academy – xalqaro iste’dodlar akademiyasidir.

 

Xalqaro isteʼdodlar akademiyasining boshqa maktablardan farqi nimada?

Maktabda o‘qish ertalab soat 8:00dan boshlanadi va kech soat 6:30 da tugaydi. O‘quvchilar 8:30 gacha nonushta qiladilar. 8:30 da darslar boshlanadi. O‘quvchilar tushlik va kechki ovqatni maktabda qiladilar. Besh mahallik taomnoma nutritsiolog bilan maslahatlashgan holda tuziladi. O‘quvchilar uyga vazifalarni maktabda tayyorlaydilar. Tushdan keyin to‘garaklar boshlanadi.

Bolalar o‘z qiziqishiga qarab fransuz, ispan, xitoy tili, informatika, IT, robototexnika, tasviriy san’at, aktyorlik mahorati, raqs, pianino, gitara chalish, qo‘shiq kuylash kabi san’atga oid, yoki taekvondo, futbol, gimnastika, shaxmat kabi sport mashg‘ulotlarini tanlashi mumkin. Maktab xalqaro bakalavriat tizimi asosida bo‘lgani uchun bizdagi “chorak” deb ataladigan muddat “semestr” deb nomlanadi va bir yilda olti semestr o‘qiladi. Har bir semestrdan so‘ng, bir hafta ta’til beriladi. O‘qish iyun oxirigacha davom etadi va iyul, avgust oylarida o‘quvchilar ikki oylik yozgi ta’tilga chiqadilar. Bu yerda muammoli bolalar bilan logoped va psixologlar maxsus ishlaydilar. O‘qituvchilar o‘z ustida ishlashi uchun avgust oyida maxsus treninglarga jalb etiladi. Maktabda darslar sakkiz guruhga bo‘linadi: Jismoniy tarbiya va sog‘lom turmush tarzi, xorijiy tillar, ona tili va adabiyoti, ijtimoiy fanlar va jamiyatshunoslik, matematika, dizayn, san’at, aniq va tabiiy fanlar. Maktabda imtihonlar va baholar bo‘lmaydi. O‘quvchilar o‘rganganlari asosida har semestr so‘ngida bitta katta loyiha tayyorlaydilar va uni himoya qilib beradilar. Loyihalarda akademik halollikka qat’iy amal qilinadi. Boshqalarning fikr va g‘oyalaridan foydalanilgan holatda unga havola berilishi shart.

Maktabga bolalar yetti yoshdan suhbat asosida, hamda ota-onalar tomonidan pullik to‘lovlarni amalga oshirgan holda qabul qilinadi. Suhbatga kelgan bola, albatta, ingliz tilida qisman gaplasha olishi shart.

Xulosa qilib aytganda, IB tizimidagi xalqaro maktablarda o‘quvchining bilimli bo‘lishi, balki ruhiy salomatligi, san’at, zamonaviy sohalardan ham boxabar bo‘lishi, bilimlarini muammolarga yechim topa olish uchun qo‘llay olishi muhim hisoblanadi.

 

Dilnavoz NAJIMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.