Xotiralar yaqin kelganda
Ertalab marshrut taksida ishga kelayotib bir-birlarini 9-May bayrami bilan qutlayotgan ikki keksa kishining suhbatiga guvoh bo‘ldim:
– Assalomu alaykum, onaxon, – dedi taxminan oltmish yoshni qoralagan qo‘lida katta qora papkasi bor (ko‘rinishidan oliygohda dars bersa kerak, deb o‘yladim) kishi. Onaxon alik olib so‘rashdi.
– Siz – oyoqda yurgan tarixsiz. Umringiz uzoq bo‘lsin, hamisha sog‘ bo‘ling. Bugun o‘sib kelayotgan yosh avlodga siz kabi urush asoratlarini ko‘rgan keksalarimiz boshidan kechirgan og‘ir, ocharchilik yillarini gapirib turmasa, ularning ayrimlari bu kechmishlarga ishonishmaydi. Xuddi ertak eshitayotgandek quloq tutishadi, – dedi ehtirom bilan haligi kishi.
– Ha, og‘ir yillar edi, ortda qolgani rost bo‘lsin. Biz ko‘rgan qiyin kunlarni bolalarimiz, nabira-abiralarimiz ko‘rmasin. Shu farovon kunlarga yetkazganiga shukr, – javob qildi onaxon.
– Shunchalik, bir o‘zingiz mana bu marshrut taksiga qiynalmay chiqib-tushib yuribsiz, demak hali baquvvatsiz, ko‘z tegmasin. O‘zbekistonimizning kelajagi porloq, hali ularni ham ko‘rasiz, – dedi u kishi.
– Onalar bolasiz, bolalar onasiz qolgan kunlarni ko‘rdik. Urushdan keyin birinchi marta maktabda shakar choy berishgan. Ungacha shakar choyning mazasini bilmaganmiz. Hozir dasturxonimiz to‘la qand, novvot, murabbo, yana har xil shirinliklar, Bolalar ko‘ngli tusaganini yeyishyapti. Prezidentimiz “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida” Farmon berdilar. Yurt rahbari boshchiligida keksalar qadrlanib, ularning hurmati joyiga qo‘yilmoqda. Ilohim kam bo‘lishmasin, – dedi onaxon hayotdan minnatdor bo‘lib.
Ikki nuroniy suhbatini barcha yo‘lovchilar jon qulog‘i bilan tinglab keldilar. Ular shunday chiroyli suhbatlashdilarki, yuraklaridagi Vatanga, xalqqa, ona zaminga bo‘lgan mehr-muhabbatlari yuz-ko‘zlaridan sezilib turardi. Garchi manzilga yetib kelgan bo‘lsam-da, mashinadan tushgim yo‘q edi.
Tahririyatga kelib kundalik gazetalarni ko‘zdan kechirdim. Ulardan birida “Ikkinchi jahon urushi asoratlari haqida” quyidagi kichik xabar berilgan ekan:
“Germaniyaning Paderborn shahrida istiqomat qiluvchi 26 ming kishi o‘sha davrga oid bomba tufayli evakuatsiya qilindi. Og‘irligi 1,8 tonna bo‘lgan Britaniya bombasi bir yarim hafta muqaddam bir uy bog‘ida topilgan edi. Ushbu xavfli qurol 80 santimetr chuqurlikda bo‘lib, katta vayronalarga olib kelishi mumkinligi jamoatchilikni tahlikaga soldi. Shahar ma’muriyati bomba topilgan joydan 1,5 kilometr diametrdagi hududda yashovchi aholini darhol evakuatsiya qildi. Ular orasida ikkita shifoxona, bir nechta qariyalar uyi va universitet ham bor. Qarangki, har yili Germaniyada o‘rtacha 5,5 mingta portlamagan bomba zararsizlantirilar ekan. Mamlakat hududida hali o‘n minglab bombalar borligi aytilmoqda”.
Bu xabarni o‘qib o‘ylab qoldim. Rossiya, Polsha, Chexiya, Vengriya va yana urush kechgan boshqa mamlakatlarda-chi... Oradan shuncha yillar o‘tgan bo‘lsa-da, odamlar hali ham bombalar ko‘milgan yerlarda xavf-xatar bilan yashashmoqda. Bolasini bog‘chaga, maktabga kuzatgan onalar kun bo‘yi xavotirda o‘tirishadi. Mana urushning asorati.
Taniqli yozuvchi, Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiya a’zosi, qator sayohatnomalar muallifi Qamchibek Kenjaning kitobida ekspeditsiya a’zolarining Afg‘oniston mamalakati bo‘ylab qilgan safarlari mobaynida tahlikali va mashaqqatli kechgan kunlar haqida o‘qiganim yodimga tushdi. Ma’lumki Afg‘on yurti ham necha o‘n yillar davomida urush o‘chog‘iga aylantirilgan hududlardan biri edi... Bugun esa O‘zbekiston bu mamlakat bilan tinch-totuvlikda yashash maqsadida o‘zaro hamdo‘stlik aloqalarini o‘rnatdi.
O‘tganlarni xotirlash, tiriklarni qadrlash, otaxon-u onaxonlar duosini olmoq har birimiz uchun ham qarz, ham farzdir. Urush maydonlaridan qaytmagan ota-bobolarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egamiz.
Zahro HASANOVA