Yaponcha maqtash
Yaponlarning yaxshi xislatlaridan biri – bolalarni bog‘cha yoshidan boshlab arzimagan ishi uchun “O jozu” (Zo‘r uddalading), “Sugoi” (Qoyil) kabi so‘zlar bilan ruhlantirib katta qilish.
Bir kuni yapon fuqarosiga kichik bir ishni o‘rgatgan edim, shunaqa maqtadiki, uyalib ketdim. “Buncha zo‘rsiz!”, “Qoyil!”, “Dahshat!”, “Juda aqlli ekansiz!” kabi so‘zlarni qalashtirib tashladi. O‘zi arzimagan, bizdagi maktab bolasi ham eplaydigan kompyuterdagi bir funksiya edi.
Ularda bizdagi kabi: “Falonchining o‘g‘lini qara”, “Falonchining qizini qara”, “Sen odam bo‘lmaysan. Qo‘shnining o‘g‘li ertalab 5 da turib, mollariga qarab, maktabga ham ketdi, sen odam bo‘lmaysan” kabi so‘zlar bilan bolaning ruhini sindirish yo‘q. Yaponlar nafaqat bolalarni, balki kattalarni ham qilgan ishi uchun maqtab qo‘yishadi. Yapon tilini arang gapirayotgan bo‘lsangiz ham “Ooo, yapon tilida juda zo‘r gapirar ekansiz!” deyishadi. Biron ishni ozgina eplab qo‘ysangiz “Qoyil!” deb yuborishadi.
Xullas, yaponlarda bizning qadriyatlarimizga to‘g‘ri keladigan yaxshi odatlar bor. Sizga ham hayotda qo‘llashni tavsiya qilaman.
Masalan, uka yoki singlingiz “a’lo” baho olib qo‘ydimi, “Yashavor, mening aqlli ukam!”, deb qo‘ying, ertangi darslarga yanada yaxshiroq tayyorlanadi. Singlingiz uydagi biror yumushni epladimi, “Qoyil!” deb ayting. Onajoningiz pishirgan ovqatni “Juda mazali chiqibdi!” deb qo‘ysangiz, charchoqlari chiqib ketadi. Yaxshi gapga nima yetsin?!
Bahodir ISKANDAROV