Yosh shifokor kundaligi
Ba’zida atrofdagi insonlarga emas, allaqachon olamdan o‘tgan ijodkorlarga bog‘lanib qolamiz. Ular bilan asarlarini o‘qish jarayonida uchrashamiz, qahramonlarning hislarida ularning kechinmalarini anglaymiz. Tunlari kitobni quchib yotish asnosida muallif bilan uxlaymiz. Va kitobni sevish orqali aslida ijodkorni sevamiz.
Mixail Bulgakov dunyo kitobxonlarining sevimli yozuvchisi, asarlarini o‘qigach siz uchun ham sevimliga aylanishi, shubhasiz. U 1920-yillarda roman, novella, qissa va pyesalar, ssenariylar, ko‘plab felyetonlar muallifi sifatida tanilgan. Asosan, Rossiya fuqarolar urushi dahshatlari davridagi rus ziyolilari, inqilob hamda chor armiyasi zobitlarining taqdiri haqida yozgan. “Usta va Margarita” hamda “Ityurak” kabi asarlari unga katta shuhrat olib kelgan va XX asr durdonalari sifatida tan olingan.
Bugun yozuvchining “Yosh vrachning kundaligi” qissasi haqida ma’lumot beramiz. Asar 7 ta hikoyadan iborat bo‘lib, 1925-1926-yillarda yozilgan va jurnallarda chop etilgan. 1963-yil to‘plam holatida nashr etilgan. Qissani Barno Tojiboyeva, Asomiddin Murodov, Ramazon Boymirzayevlar o‘zbek tiliga tarjima qilishgan.
Unda qolgan ikkisidagi kabi fantastik voqealar emas, real va shafqatsiz hayot tasvirlangan. Bu qissa o‘qishni tamomlashi bilan rivojlanishdan ortda qolgan, hattoki elektr toki ham yetib bormagan qishloqqa yagona shifokor sifatida yuborilgan yosh yigit haqida. U bemorlari tufayli ba’zi kasalliklarga ilk marotaba duch keladi. Operatsiya oldidan tamaki tutatishga chiqaman deb, yugurgancha uyiga borib, kitoblardan qanday davolash kerakligini o‘rganib qaytadi. Yosh shifokor shu darajada tajribasiz ediki, hatto “Ming afsus, qayerdanam tibbiyot yo‘nalishida o‘qidim-a, shu gadoytopmas qishloqqayam kelamanmi?” kabi afsuslarni boshidan kechiradi. Ammo vaqt uni tarbiyalaydi, qat’iyatli bo‘lishiga yordam beradi.
Kasali og‘ir yoki yengil bo‘lishidan qat’iy nazar “Tomchi doridan bersangiz tuzalib ketaman” qabilida fikrlovchi ma’rifatdan ayro qishloq insonlarining o‘zgarishi, anglashi uchun kurashadi. Nafaqat bemorlar tanasidagi, balki ongidagi jarohatlarni ham davolashga harakat qiladi.
Tarjimon-shoir Faxriyorning bir intervyusida adabiyot rivojlanishi uchun oliy adabiyot kurslarida va magistratura bosqichlarida boshqa soha vakillarini o‘qitish kerakligi, shunda adabiyotimizda foydali asarlar paydo bo‘lishi mumkinligi haqida o‘qigandim. “Yosh vrachning kundaligi” shunday asarlar sirasiga kiradi. Chunki yozuvchi Mixail Bulgakovning kasbi shifokor bo‘lgan, shu sabab kitobni o‘qish davomida kasalliklar va davolashga oid bilimlarga ega bo‘lasiz.
Asarni o‘qigach, agar atrofimizdagi insonlar o‘z xohishlari bilan ongli bo‘lishni istashmasa, ularni bunga majburlash kerakligini anglaysiz. Imom Buxoriy bobomiz aytganidek, “Dunyoda ilmdan o‘zga najot yo‘q va bo‘lmagay”. Shu bois mutolaaga shoshiling, “Yosh vrachning kundaligi” bilan tanishgach, yozuvchining yuqorida aytilgan asarlarini ham o‘qib chiqing. Quyidagi savollarga javob topib, telegramdagi @GulxanBilimdon manziliga yuborishni ham unutmang. Savollarga to‘g‘ri va to‘liq javob bergan ishtirokchilarimizni sovg‘alar kutib turibdi.
Savollar:
1. Minnatdorchilik sifatida berilgan, qizil xo‘roz tasviri tushirilgan sochiqni shifokor qayerda saqlar edi?
2. Zig‘ir ezib maydalagichga tushgan qizga nima bo‘lgandi?
3. “Malakani qishloqda ham oshirsa bo‘larkan” deya o‘ylab qoldim uxlayotib. “Buning uchun faqat va faqat o‘qish, tajriba orttirish kerak ekan...” Qaysi voqeadan so‘ng shifokor shunday xulosaga keladi?
4. Bo‘ron paytida shifokor va haydovchi qanday xavfdan qutulib qoladi?
5. Qaysi kasallikka qarshi kurashish uchun kasalxonada butun boshli bo‘lim ochiladi?
6. Shifokor po‘lat tomoq qo‘ygan qizning ismi nima edi?
Shahribonu RAHMATOVA