Yaponcha usul
Yaponlar doimiy rivojlanish va maqsadlarga erishishning ajoyib usulini “Kayzen” deb atashadi. Kayzen inson hayoti davomida faqatgina erishish mumkin bo‘lgan, kuchi va vositalari yetarli, uzoq vaqt talab qilmaydigan maqsadlar qo‘yish va ular uchun harakat qilishdan iborat. Inson kichik maqsadlar qo‘yib, unga erisharkan, katta maqsadlari kutilmaganda, ana shu mayda muvaffaqiyatlar zamirida ro‘yobga chiqadi. Aytaylik, siz Oksford universiteti talabasi bo‘lmoqchisiz. Bu ham, albatta, erishish mumkin bo‘lgan orzu. Ammo siz uni ro‘yobga chiqarishdagi mashaqqatlaringizni kamaytirish, maqsadingizga yetish ehtimolini oshirish uchun unga olib boruvchi kichik rejalar tuzib, ular ustida ishlashingiz kerak. Masalan, ishni ingliz tilini o‘rganish, o‘zingiz tanlagan sohada kerak bo‘ladigan boshqa fanlarni chuqurroq o‘zlashtirish, nufuzli universitetga grant asosida qabul qilinishingiz uchun o‘z portfoliongizni (yutuqlaringiz jamlangan fayl) shakllantirib, boyitib borishdan boshlash mumkin. Shunda siz ko‘zlagan marra uzoqlashib ketmaydi, kichik cho‘qqilarni zabt etish hisobiga ulkan tog‘ning eng yuqori cho‘qqisiga chiqasiz.
Kayzenni jamoaviy ishlarda ham qo‘llash mumkin. Unda usul xuddi shu tartibda ishlaydi, ammo muhim jihat shuki, jamoaning har bir a’zosi o‘z vazifasini bilib olishi va jamoa kelajagi uchun ishlashi kerak.
Kayzenning mohiyati tushunarli bo‘lsa, endi uning kelib chiqishi haqida biroz gaplashsak! Kayzen usulini yaponlar ikkinchi jahon urushidan keyin, vayron bo‘lgan Yaponiyani qayta tiklash, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda qo‘llashgan. Keyinchalik, bu rivojlanish yo‘li haqida bir qancha kitoblar yozilgan, batafsil tadqiq qilingan. Shu tariqa u Yevropaga yetib borib, u yerda ham ko‘p davlatlar, jamiyatlar, insonlar hayotiga yangilik va yaxshilik olib kirgan.
Do‘stlar, siz ham hayot tarzingizga mana shu ajoyib usulni olib kiring. Ishonavering, ishlaringiz “besh” emas, “olti” bo‘ladi.
Muhammadali OBID o‘g‘li