Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hindistonlik o‘qituvchi

Ayting-chi, o‘quvchilar, ingliz tilini o‘rga­nishda sizga chet ellik o‘qituvchi kelib dars berishini xohlarmidingiz? Aminmanki, ja­vo­bingiz — “ha”. Sababi, u bilan suhbat qur­gingiz, mamlakatining madaniyati, xalqi, urf-odatlari haqida bilgingiz keladi. Ayniqsa, til o‘rganishda uning talaffuzi, tushuntirishi, fikrini ifodalashi, dars o‘tish jarayoni sizni juda qiziqtiradi. Buni qarangki, endi shunday o‘qituvchilarni O‘zbekistondan ham topa olasiz. Ehtimol, ayni damda sizning maktabingizda ham xorijdan kelgan, faqat ingliz tilida ga­piradigan o‘qituvchi dars o‘tayotgandir? Bun­day qahramonlarimizdan biri hindistonlik mehmonimiz, Birlashgan Arab Amirliklari hamda Saudiya Arabistoni davlatlarida amaliyot o‘tagan, xalqaro TESOL sertifikatiga ega o‘qituvchi — Alavi Dilshad Abubakr.

Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 236-maktabda ingliz tili fanidan dars bera­yotgan Dilshad 12 yildan buyon bu sohaga o‘zi­ni baxshida etgan. Yangi o‘quv yilidan beri bolalarga ingliz tilini o‘rgatayotgan pedagog “So‘nggi qo‘ng‘iroq”gacha sizlar bilan birga. U Toshkentga o‘zicha kelib qolgan emas, albatta. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tanlov asosida saralangan xorijlik 500 nafar pedagoglar safida u ham bor. Aynan O‘zbekistonni ko‘rish, biz­ning urf-odatlarimiz, an’analarimiz, millatimiz bilan yaqindan tanishishga qiziquvchi o‘qituvchilar uchun bu ayni muddao bo‘lgan.

Haftasiga 20 soat dars hamda pedagoglarga mashg‘ulot va trening o‘tayotgan bu ustozning dars berish uslubi o‘zimiznikilardan nimasi bilan farq qiladi?!

Farqi shundaki, Dilshad o‘quvchilarga aqlli doska yordamida tilni o‘rgatadi. Chet ti­li darsida zamonaviy texnologiyalar va qurilmalarning muhimligini ta’kidlaydi. Shuningdek, u Buyuk Britaniya Kengashi o‘qitish metodlaridan foydalanadi. Bundan tashqari, u jarayon yanada qiziqarli va inter­faol bo‘lishi uchun o‘zining dars rejalari va materiallarini ham ishlab chiqqan.

— Boshida bolalar bilan muloqot qilish biroz qiyin kechdi, lekin ular bilan til topishib ketganimdan so‘ng darslar xushchaqchaq va quvnoq tarzda o‘ta boshladi, — deydi hindistonlik pedagog Alavi Dilshad Abubakr. — Dastlabki kunlarda o‘quvchilarga “Good morning!” deganimda sarosimaga tushib qolishardi. Hozir esa ularning o‘zi menga bu so‘zni aytib, suhbat qilishdan tortinishmaydi va qo‘rqishmaydi. Ular ingliz tilini seva boshladilar. Bunga sabab, har darsda o‘yinlar, inglizcha qo‘shiqlar, mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Agar bola o‘rganayotgan tilini xushchaqchaqlik bilan, o‘yin-kulgu bilan bajarsa, bu bilim uning xotirasida umrbod qoladi. Men bu maktabda ajoyib o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonyapman. Boisi, bolalardan umidim katta. Ular harakat qilishsa, O‘zbekistonni dunyoning eng rivoj­langan davlatlari qatoriga kirita olishadi. Chunki o‘quvchilarning har birida maqsadni ko‘ryapman. Qalbida xorijda o‘qish, yaxshi kasb-hunar egallash kabi niyatni tugganini anglayapman. Aynan yurtingizdagi ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ulkan sa’y-harakatlar ularning orzusi tomon yetaklashiga komilman. Yana bir taklifim bor, fikrimcha, malakali va iqtidorli chet ellik o‘qituvchilar boshlang‘ich sinflarga dars berishi kerak. Sababi, bu yoshda bolalar tilni tez egallaydi. Ular ulg‘ayib, 9-10-sinfga yetib borgach, ingliz tilida bemalol suhbat qura oladilar. Hozir ham o‘quvchilar yonimdan o‘tishsa, inglizcha gapirishga harakat qili­shadi va men bu holatni ko‘rib dildan suyunaman. To‘g‘ri, hali ularning lingvistlar kabi nutqi yo‘q, biroq ular so‘zlashyapti, fikrini tinglovchiga ifodalab bera olyapti. Aminmanki, bu jarayon davom etsa, chet tili ular uchun ona tilidek so‘zlashuv vositasiga aylanadi.

Umuman olganda,  Dilshad O‘zbekis­tonda yashayotganidan xursand. U yur­timiz­ning ob-havosi, insonlari haqida iliq fikrlarga, boy taassurotlarga ega. Hat­to, pedagoglarimiz kun-u tun unga yordam berishini, o‘z oila a’zo­sidek qabul qilganini samimiy ta’riflaydi. U hamkasblarining mehr-muhab­bati, saxiyligi va hurmat-e’tibori bi­lan o‘z kasbidan zavq olib ish­la­moqda.

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.