Yosh ko‘ngillar gulshani
“Gulxan” jurnali menga qirq yillik qadrdon. Esimda, o‘tgan asrning 80-yillarida, ya’ni quyi sinflarda o‘qigan kezlarimda obuna mavsumiga tayyorgarlik ko‘rardik. Uzoq-yaqin qarindoshlarimizning kundalik daftarimizdagi “5” baholarimizni ko‘rib ilingan “mukofot”larini tiyinlab yig‘ib borardim. Ba’zan otam bog‘imizda yetilgan meva-chevamizdan bozorda sotib kelsalar, bir-ikki so‘mlik bo‘lib qolardim. Xullas, muallimimizning “Kim qaysi nashrga obuna bo‘ladi?” deydigan savolini ilhaq kutardik. O‘zaro chug‘urlashib, “G‘uncha”, “Gulxan” jurnallari, bolalar gazetasiga yozilishga oshiqardik.
Otam bilan rahmatli onam o‘n bir nafar farzandni voyaga yetkazishgan. Opa, akalarimni yilora maktabga kuzataverishgan, faqat men bilan ukam izma-iz o‘qiganmiz. Shundan bo‘lsa kerak, ba’zi yillari bir nashrga oilamizda ikki kishi obuna bo‘lgan holatlar ham uchrab turardi. Ko‘pincha, masalan, opam yoki ukam “Sen bu yil “Gulxan”ga yozilma, men obuna bo‘layapman, hammamizga yetadi...” desa ham, o‘z jurnalim bo‘lishini xohlardim.
O‘rta sinflarda o‘qiganimizda tekin gazeta-jurnallarni o‘qish imkoniyati tug‘ilib qoldi. Dehqonobod tumanidagi biz yashaydigan tog‘li Oqrabot qishlog‘ining markazi “Toshkent – Termiz” magistral yo‘lining yoqasida joylashgan. Pochta idorasi esa yo‘ldan yigirma qadamcha ichkarida, ikki qavatli binoning yuqori qavatida edi. Pochtachi Abdujabbor bobo Ikkinchi jahon urushida oyog‘idan ajralgani bois yasama oyoqda yurardi. Ammo u yasama oyoqda ham zinadan ikkinchi qavatga apil-tapil chiqa olardi-yu, lekin qayta-qayta tushib-chiqishga qiynalardi. Yordamchisi Umir aka esa besh-olti chaqirim naridagi Shamolikam qishlog‘idan qatnardi: uzoq yo‘l, loygarchilik va boshqa noqulayliklar sabab bo‘larmidi, ishda kam ko‘rinardi.
Bir kuni Abdujabbor bobo Maxsum degan sinfdoshimga pochta keladigan kunlari yordamlashib yuborishni iltimos qilibdi, iloji bo‘lsa, bir-ikki o‘rtoqlaringni ham chaqirib kel, debdi. Bu xabar bizga ma’qul tushdi. Maktabdan qaytishda pochta mashinasini birozgina kutib qolardik. Biroq bu paytda hamma o‘quvchilar uy-uylariga yetib olgan bo‘lardi.
Yanglishmasam, har haftaning dushanba, chorshanba va juma kunlari tushdan keyin soat ikki-uchlarda pochta mashinasi bizning manzilga yetib kelardi. Usti yopiq yuk mashinasida olib kelingan gazeta-jurnallar taxlamlarini aylanma zinalar orqali ikkinchi qavatga tashiyverib, bog‘ich ipining ingichkaligi va yukning og‘irligidan qo‘llarimiz qip-qizarib, qiyilib ketardi. Lekin bir-birimizga gal bermasdan zing‘illab bir pasda tashib qo‘yardik. Abdujabbor bobo xursand bo‘lganidan, xohlagan nashrlarimizni olib, o‘qib yana joyiga qo‘yishimizni aytardi. Biz o‘zimiz obuna bo‘lmagan nashrlarga yopishardik. Chunki obuna bo‘lganimiz, albatta, bir-ikki kunda qo‘limizga yetib borishini yaxshi bilardik. Qarabsizki, akang qarag‘ay uyga bir dasta bo‘yoq hidi ufurib turgan yap-yangi gazeta-jurnallar bilan kirib kelib turibdi-da!
Bugun bolalikdan tafakkurimni kengaytirgan, adabiyotga, ma’naviyatga oshno qilgan qadrdon “Gulxan”ni farzandlar, bolalar qo‘lida ko‘rsam, qadrdon do‘stim bilan uchrashganday quvonaman. Sal kam bir asrdan buyon o‘zbek bolalari tomonidan ardoqlanayotgan, tafakkur asrining sara nashri, ma’naviy gulshani “Gulxan”ni hayajon bilan varaqlayman.
Safar OLLOYOR,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi