Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yoshlik bolalikdan boshlanadi

Kirib kelgan yangi 2018-yil hududi keng, aholisi 32 milliondan oshib borayotgan mamlakatimizda har jihatdan oldingi yillarga o‘xshamasligi bilan keskin farq qiladi. Yil boshidanoq, bog‘cha yoshidagi bolajonlardan tortib, to keksa bobo-buvilargacha yangi bir kuch-g‘ayrat, yangi safarbarlik bilan oyoqqa turdilar. Mamlakatimizda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar xalqimiz har sohada yangiliklarga tashna ekanini namoyish etmoqda. Ana shu safarbarlik yurtimizdagi bugungi ko‘tarinki kayfiyatni belgilab turibdi.

Jurnalga bejiz “Gulxan” deb nom berilmagan. Gulxan bu – lovullab yonib turgan alanga. Bizning o‘smir yoshlarimiz, ayniqsa, o‘smirning vujudidagi kuch-g‘ayrat ham lovullab yonib turibdi. Ular yangiliklar yaratishga, o‘rganayotganlarini kengroq tushuntirishga va nihoyat bir-birlariga avvalgidan-da ko‘proq fikr aytishga, bu fikrlarini rivojlantirishga urinuvchi yoshlardir.

Hurmatli Yurtboshimiz 2018-yilni mamlakatimizda haddan ziyod mazmunga boy bo‘lishini e’lon qildi. Yangi yilni “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomladi. Ushbu yil – Innovatsion g‘oyalarga boy zamonaviy texnika, texnologiyalarni yangilashga qaratildi. Bu har bir sohaga zarur, har jabhada mavjuddir. Chuqurroq o‘ylab qaralsa, bu g‘oya, bu fikrning zarurati maktablarimizda ham, o‘quvchilarimizda ham seziladi. Ular endi oddiygina maktab darsliklari bilan chegaralanib qolmasdan, o‘zlarining kamolotga yetishishlarida pillapoya bo‘lgan qo‘shimcha to‘garaklarga qatnashlari, qo‘shimcha adabiyotlar o‘qib borishlari, tuman, shahar, viloyat va respublika miqyosida o‘tkaziluvchi katta bahslarda ishtirok etib, bilimlarini shakllantirishlari kerak. Ya’ni vujudidagi yashirinib yotgan kuchni harakatga keltirishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi degani.

Aziz o‘g‘illarim, qizlarim! Har bir yoshning o‘z xususiyati bor. Vaqt har birimiz uchun o‘lchab beriladi. Bolalikda bola uchun zarur bo‘lgan bilimni olib qoling. Agar bolalik to‘liq shakllanmasa, ongingiz, aqlingiz, ruhingizdagi tushuncha yetarli bo‘lmasa, o‘smirlik ham chala o‘sadi. O‘smirlik pallasi chala shakllansa, u yoshlikka ta’sir qiladi va yoshlik bo‘shroq bo‘ladi. Demak, har bir davrning o‘z mas’uliyati bor. Birinchisi chala bo‘lib qolsa, ikkinchisiga xalaqit beradi. O‘smirlar yoshlikka tayyorgarlik ko‘radi. Bugungi yoshlik kechagi yoshlikdan o‘zining shiddati bilan, ko‘proq bilim olishga chorlayotgani bilan hamda bilimdonlik bahsi bilan farq qiladi. Shunday ekan, yoshlikka bolalikdan tayyorgarlik ko‘riladi, bolalikdan harakat boshlanadi.

Bugungi yorug‘ kunlarda butun jamiyat sizning kelajagingiz yo‘lida harakat qilyapti. Har kuningiz mazmunli bo‘lsin. Ertangi kuningiz rejasidagi mazmun bugungidan ham boyroq bo‘lsin. Kun sayin ma’nan o‘sib borsangiz, kamolga yetishingiz ham tez va samarali bo‘ladi. Buning uchun ko‘proq o‘qishingiz kerak. O‘qish bilan birga yangi zamonaviy texnologiyalarni ham o‘rganib boring, yuzingiz yorug‘ bo‘ladi!

 

Xudoyberdi To‘xtaboyev,

O‘zbekiston xalq yozuvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.