Yoshlikda yozgani – toshga yozgani
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, xalqimizning suyukli shoirasi Muhtarama Ulug‘ova nomini eshitgan borki, beixtiyor jilmayib, shoira Zulfiyaning suyukli shogirdi, deydi.
Chindan ham shunday, Muhtarama opangiz ustozi mehrini qozongan, ishonchini oqlagan chin ma’nodagi shogird. Siz shoiramizning nafaqat she’rlarini, balki bolalar tarbiyasiga bag‘ishlangan o‘nlab maqola va lavhalarini ham o‘qigansiz, tinglagansiz. Chunki opa uzoq yillar O‘zbekiston radiosi va televideniyesining bolalar tahririyatida mehnat qilgan. Bolalar olamini juda yaxshi biladi. Bugun siz bilan shoiraning bolalik xotirasiga quloq tutamiz.
Otamning suhbatlari
Bolalik, o‘smirlik yillarimning eng yorqin xotiralari otam Muhammadxon Ulug‘xo‘ja o‘g‘illari va onam Malikaxon Qozoqvoy hoji qizlari (ularni Alloh rahmatiga g‘arq etsin!) bilan bog‘liq. Otamning boshqacha bir havas, mehr-u iftixor bilan qarashlarini; onajonimning har bir ishimizni qabul qilib olayotgandagi sinovchan, talabchan nigohlarini hali-hanuz his etib turgandekman.
Ayniqsa, kechki taomlanishdan keyingi dadamning suhbatlarini har kuni intizor kutardik. Otajonim “unday bo‘linglar, bunday bo‘linglar”, deb nasihat qilmasdilar. Suhbat asnosida kulimsirab ko‘zlariga o‘y to‘lsa, bilardikki, gap mavzusiga mos biron-bir she'rmi, ertakmi, rivoyatmi, hikoyatmi yodlariga tushdi. Biz “Aytib bering, aytib bering!” deb bor vujudimiz quloqqa aylanardi.
Xalq orasida ba’zi gaplar shov-shuvga aylanib, bir yolg‘ondan qirq yolg‘on kelib chiqishi mumkinligi haqidagi, qo‘shnisiga quyon dumini to‘plab savdogarchilikka borishni maslahat bergan va oqibatda o‘zi bor-budini boy bergan xasis, ichiqora tujjor haqidagi; hushbo‘y ziravorlar rastasida hushidan ketib qolgan cho‘ponning kiyimlarini sinchiklab kuzatib, unga dala o‘tlarini hidlatib hushiga keltirgan dono otaxon haqidagi ertaklarni dastlab dadamdan eshitganmiz. She’riyatga qiziqishimga ham dadam sababchi bo‘lganlar, menimcha. Ular o‘qigan Mashrab, Fuzuliy g‘azallari dilimda qolgan. Otam bizni tinmay bilim olishga undar edilar: “Mening tiriklik paytimda olgan bilimlaring – mendan sizlarga qolgan eng katta meros”, – bu gapni juda ko‘p takrorlar edilar. Esimda: maktabni oltin medal bilan bitirganim haqidagi attestatni olib to‘g‘ri shifoxonaga – dadamning oldilariga bordim. Katta xonada katta-yu kichik bemorlar yotishardi. Dadajonim attestatimni olib yonlaridagi barcha xonadoshlariga ko‘rsatib chiqqandilar, yoshlarga “Sen ham xuddi shunday o‘qigin”, deb nasihat qilgandilar. O‘sha voqeadan uch hafta o‘tib, vafot etdilar.
Nazarimda, otam bilan kechgan o‘n olti yillik umrim davomida u kishini eng ko‘p quvontirgan narsa o‘qituvchilarimdan mening yaxshi o‘qishim haqida eshitgan gaplari va ikki-uch marta do‘ppi tikib, boshlariga kiydirib qo‘yganim bo‘ldi...
Qatim tortar qizgina
Yuqorida aytganimdek, onam juda talabchan edilar. To‘qqiz yoshga kirganimda, “Bo‘ldi, endi o‘yin tugadi”, deb menga tizzako‘rpacha, do‘ppi tikish uchun ipak-savoq berdilar. Hozir to‘qqiz yoshli qizaloqlarga qarab turib xayolimdan ikki xil fikr o‘tadi. Birinchisi – tavba, mushtdekkina shu qiz qanaqasiga kun bo‘yi qadalib o‘tirib ninaga termulishi mumkin? Ikkinchisi – bo‘larkan-da, ishonsang, o‘rgatsang, talab qilsang qizlarda juda yoshligidan chiroyli qo‘l mehnatlariga ko‘nikma, layoqatni tarbiyalash mumkin ekan. O‘sha paytlarda hamma oilada shunday edi: marg‘ilonlik qizlar 9-10 yoshidan do‘ppi tikishni boshlardi. Keyinchalik ustozimiz Zulfiyaxonimga yoqqan “Qatim tortar qizgina” nomli she’rim go‘yo o‘zimni, dugonalarimni kuzatib turib yozilganday edi:
Yelka osha jamalak soch
Ipagiga ilashib,
Chimirilgan kamalak qosh,
Kashta biram yarashib
Qatim tortar qizgina...
Yillar o‘tib angladimki, “Atlas” firmasida to‘quvchi bo‘lgan otajonim yaxshi bilim olish, sog‘lom turmush tarzini odat qilish, rostgo‘ylik, g‘ayratlilik, yoningga bir iltimos bilan kelgan odamning hojatini chiqarish, el-u yurt manfaati yo‘lida g‘ayratli va shijoatli bo‘lish kabi xislatlarni o‘rgatish bilan bizni jamiyatning faol, sergak a’zolari safida bo‘lishimizni istaganlar. Onajonim esa... (tavba, hatto ko‘chani supurib kelsak ham, albatta orqamizdan chiqib devorlarning tagigacha qirtishlab, supurgan-supurmaganimizni tekshirardilar) xonadonimizni ozoda-yu sarishta saqlash, pishir-kuydir, tikish-u yamash, kirlarni yaraqlatib yuvish, o‘zimizdan kichkinalarning beshig-u belanchaklarini tebratishga o‘rgatish bilan biz – qizlarni oilaviy hayotga tayyorlagan ekanlar.
Keyinchalik bir rivoyatni eshitib, beixtiyor, onajonimning gaplarini esladim. Ya’ni, bir chol kap-katta o‘g‘lini odamlarning oldida: “Qachongacha aytganimni qilasan”, deb tinmay urar emish. Yig‘ilganlar hayron: “Tavba, aytganini qilgan farzandini ham uradimi odam?” Bu holat boshqa-boshqa joylarda ham bir necha bor takrorlanibdi. Nihoyat, ayni voqeaning ustidan chiqib qolgan bir qiz: “Uring ota, uring! Kap-katta yigit o‘z aqli bilan ish, mashg‘ulot topmay, qachongacha faqat siz buyurgan ishni qiladi”, debdi. Shunda chol: “E, barakalla, men ayni sendek qizni kelinlikka izlab, shu ishni qilib yuribman”, deb o‘sha qizning uyiga sovchilikka borgan ekan. Bu rivoyatni eshitganimga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Lekin o‘smirlik yillarimizdan boshlab onam bizga doim: “O‘z ishingni bilib-bilib, topib qilmaguningcha, boshqalardan yaxshi rag‘bat eshitmaysan”, der edilar. Bu talab bizni bekor o‘tirmaslikka, bajarayotgan ishimizning puxta, samarali bo‘lishi uchun izlanishga, boshlagan biror mashg‘ulot yoki xatti-harakatni yo‘l-yo‘lakay boyitib, yangiliklar bilan samaradorligini oshirib borishga o‘rgatishini yillar osha angladim.
Orzular roʻyobi
Ulamolar aytadilarki, banda o‘zi va o‘zgalar uchun qancha yaxshiliklar, ezguliklar tilasa, Alloh uning murodini beradi, inshaalloh. Otajonimning: “Onangizdan uzoqqa ketmang”, – degan gaplarini dilimga tugib, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Farg‘ona davlat pedagogika instituti (hozir universitet)ning o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini faqat a’lo baholar bilan – qizil diplomga bitirdim. Marg‘ilonda besh yil o‘qituvchilik qildim. Ammo jismim Marg‘ilonda-yu, fikr-u xayolim Toshkentda – qaynoq adabiy muhitda edi. Ko‘pincha, o‘zim ishlaydigan pedagogika bilim yurtidan bir kunginaga javob olib, poyezdda Toshkentga kelardim. Gazeta, jurnallarning tahririyatlariga kirishga jur’atim yo yetardi yoki yo‘q... Qolaversa, ularning birortasida meni taniydigan odam ham yo‘q edi. Lekin bu kelib-ketishlarning oqibati nima bo‘lishidan qat’i nazar, xuddi bir ruhiy quvvat olgan kabi ona shahrimga qaytardim, yo‘l-yo‘lakay dilimga she’r quyilardi...
Oilamizdagilar, ayniqsa onam mening ijodga talpinib turgan qalbimni tushunardilar. Boshqa ishlar, tashvishlar ichida band bo‘lsam-da, ularning hammasi men uchun ikkinchi darajali edi.
Bir gal “Saodat” jurnaliga kelganimda she’rlar qoldirdim. Ikki oylar o‘tib, yana Toshkentga kelib, jurnal tahririyatiga qo‘ng‘iroq qilganimda, xodimlar shunaqa yaxshi muomala bilan kutib oldilar-ki! Tahririyatda ham meni xuddi intiq bo‘lib kutib turilgan mehmon kabi qarshilaganlaridan hayron edim. Keyin bosh muharrir – Zulfiya opaning xonalariga taklif qilishdi. Eshikni ochib salom bersam... hali-hanuz ko‘z o‘ngimdan ketmaydi: Zulfiya opa (oxiratlari obod bo‘lsin!) hech kimnikiga o‘xshamaydigan mehrli, tiyrak nigohlarini tikdilar-da:
– Ha, “Qatim tortar qizgina”! – dedilar.
Avvalgi kelganimda birrov ko‘rishgandik. Shunday bo‘lgandiki, o‘shanda men tahririyatga ayni jurnalning navbatdagi soni bosmaxonaga topshiriladigan kunda kelgan ekanman. Qabulxonada uch qiz turgandik, Zulfiya opa ichkaridan chiqib keldilar-da, “Sizlar mening oldimga kirmoqchimisizlar? Hozir uchalangiz bilan gaplashgani ikki daqiqa vaqtim bor”, – deb ichkariga taklif etgandilar. Men she’rlarimni stol ustida qoldirib, yiqilib-turtilib ketmaganimga shukr qilib chiqib ketgan edim. Keyinchalik, o‘zim “Saodat” tahririyatida ishlaganimda, jurnal nashriyotga topshiriladigan kunda bo‘ladigan ishlar, ularning qanchalar tezkorlik va ziyraklik talab qilishini ko‘rgach, Zulfiya opaning o‘sha ilk uchrashuvimizdagi, “Uchalangiz bilan gaplashgani ikki daqiqa vaqtim bor”, deganlarining sababini tushunganman...
Shunday qilib, ikkinchi bor uchrashuvimiz men uchun necha yillar kutilgan orzuning ro‘yobi uchun yo‘l ochdi. Zulfiya opa xuddi o‘z farzandlarini ko‘z-ko‘zlaganday xonama-xona tanishtirib yurib, xodimlarga mening she’rlarim haqida yana gapirdilar. “Yana” deyishimning boisi shuki, bu gaplarni avval ham hammaga aytgan ekanlar. Hattoki, mashqlarimdan ayrim satrlar, bandlarni yodlab olib, o‘qib berardilar. O‘sha paytda endi... meni qo‘yaverasiz, hattoki eng yuksak orzular qanotida ham bu qadar baxtiyor bo‘lmaganman.
Keyin xonalarida o‘zim bilan yolg‘iz gaplashdilar, oilamiz, ota-onam haqida so‘radilar. Suhbat oxirida:
– Menga nima gapingiz bor? – deb savol berdilar.
Savol shu qadar samimiy, chin dildan ediki, beixtiyor ko‘nglim tubidagi niyat qalqib chiqdi:
– Toshkentda, ijodiy muhit bag‘rida ishlagim keladi.
To‘g‘risi, bu niyatimni aytishga aytdim-u, lekin amalga oshishi juda mushkulday edi. Chunki o‘sha paytgacha viloyatimizda chiqadigan “Kommuna” gazetasiga qatnab, kotiba vazifasiga bo‘lsa-da ishga olishlarini so‘rayotgan, bir necha yildan buyon mana shu istagimga ham yetolmayotgan edim. Oradan to‘rt oylar o‘tib, (darvoqe, bu orada “Saodat” jurnaliga uch-to‘rtta maqola yozib jo‘natdim, ular bosilib ham chiqdi) 1977-yilning 10-fevral kuni Marg‘ilondagi ishxonamga “Saodat” jurnalining mas’ul kotibi Erkin aka Malikov qo‘ng‘iroq qilib:
– Muhtarama, men Zulfiya opaning nomlaridan telefon qilyapman. Agar Toshkentda ishlash orzungiz bo‘lsa, hamma hujjatlaringizni olib, bizning ishxonaga keling, – dedilar.
O‘shanda onajonim oltmish besh yoshda edilar. Mendan katta hamma akalarim uylangan, opalarim uzatilgan. Oila qurish navbati menga kelib to‘xtagandi. Qolaversa, akalarimning ikkalasi ham alohida uy qilib chiqib ketishgan, hovlimizda onam, men va singlim yashardik. Bunday vaziyatda, yana... aksariyat odamlarning fikricha, ayni turmush qurish yoshida bo‘lgan qizni poytaxtga jo‘natib yuborish onam uchun oddiygina hal qilinadigan masala bo‘lmagandir. Lekin onajonim: “Zulfiya opa (aslida onamning yoshlari Zulfiya opadan ulug‘ edi) chaqirgan bo‘lsalar, u kishiga yo‘q deya olmaymiz. Mayli, borgin”, – deb ruxsat berdilar.
Necha yillar davomida dilimda yetib bo‘lmasday tuyulgan orzu yo‘liga kirib kelishim ana shunday bo‘lgandi. Muhimi, o‘sha samimiy suhbat bois Zulfiya opadek ajoyib, pokiza, bebaho inson rahbarliklarida ishlash nasib etdi.
To‘g‘ri, inson umri davomida tinmay o‘qiydi, o‘rganadi. Yangi-yangi kasblar, asbob-uskunalar kirib keladi hayotga – barchasining “tilini topish” uchun qiziqish, qunt, bilim, sabr-qanoat, chiroyli niyat, albatta zarur. “Yoshlikda yozgani – toshga yozgani” deydilar. Mana shu fazilatlarni esa, menimcha, biz aqlimizni tanigan kundan boshlab ota-onalarimiz ongimizga jo etgan, o‘rgatgan chiroyli, ibratli, xosiyatli tarbiya, odatlarimiz qo‘llab-quvvatlaydi.