- Rukn: Sheʼrlar
- 468 marta ko‘rilgan
Aziz Vatan
Aziz Vatan,
Iqbol vatani,
Qaddi baland,
Qadri balandim,
Yuragimga jo etib seni,
Quchog‘ingda nurga belandim.
Ko‘p narsani sevamiz, ammo
Vatan mehri baridan yuksak.
O‘zga yurtlar gulidan a’lo
O‘z dalangda jilmaygan ko‘sak.
“Vatan” desak ko‘ksingga inib,
Jonday iliq tuyular tuproq.
Shu tuproqda ulg‘ayib-unib,
Shu tuproqqa to‘kilar yaproq.
Vatan degan unvon tuproqqa
Baxsh etilar Inson tufayli.
Vatanidan ketsa yiroqqa,
Insonning ham umri tugaydi.
Tirqiraydi odamzod toshdek,
Yer sopqonday aylansa yo‘rtib,
Vatan sergak yashar quyoshdek,
Farzandlarin bag‘riga tortib.
Goh quloqni etsa hamki kar
Zambarakning sovuq na’rasi,
Ozod tepib turarkan qalblar,
So‘nmas sira hayot nafasi.
Minnatdorman baxtim qushidan:
Ko‘zlarimga qo‘ndirmas g‘ubor
Istiqbolning jilmayishidan
Ravshan tortgan azamat diyor.
Shu sababli mangu sen bilan
Tomirdoshdir bo‘g‘in-u bandim,
Aziz Vatan,
Yagona Vatan,
Qaddi baland,
Qadri balandim.
Husniddin SHARIPOV