- Rukn: Sheʼrlar
- 12981 marta ko‘rilgan
Birinchi qoʻngʻiroq
Qoʻlimizda bir quchoq
Gul bilan keldik yana.
Yangi oʻquv yiliga
Chorlar qoʻngʻiroq, ana.
Har yon gulga burkanib
Bayramona tus olgan.
Maktab hovlisi bugun
Toʻyxonaga aylangan.
Ustozlar koʻzida nur
Porlab bizni kutadi.
Oʻquvchilar mehrini
Gulga qoʻshib tutadi.
Shu tob yangrar madhiya,
Barcha unga joʻr ovoz.
Vatan tuygʻusi singgan
Qalblar oʻrtanadi, rost.
Kimdir minbarga chiqib
Bayram bilan tabriklar.
Bolalar qoʻshiq aytib
Ustozlarini qutlar.
Favqulotda holatlar
Bagʻringdan ayirmasin.
Maktabim, qadrdonim,
Qanotlar qayrilmasin.
Hammadan-da quvongan
Birinchi sinflar boʻldi.
Prezident sovgʻasi-la
Koʻksi quvonchga toʻldi:
– Yangi Oʻzbekistonning
Qudratimiz boʻlajak.
Yurt rahbari ishongan
Oʻsha bizmiz – kelajak.
Zahro Hasanova