- Rukn: Sheʼrlar
- 1119 marta ko‘rilgan
“Dunyo faqat bolalarniki...”
Sahar turdim, quyoshni kutdim,
Shudringlarda chaydim yuzimni.
Buloqlarga labimni tutdim
Va borliqda koʻrdim oʻzimni.
Koʻzlarimdan toshdi shuurim,
Toʻlib ketdi bagʻrimda navo.
Mangulikday tuyuldi umrim,
Mangulikday tuyuldi dunyo...
* * *
Togʻlarga chop, dalalarga chop,
Bagʻringni och moviy navoga.
Tuproqni oʻp, maysalarni oʻp,
Dardingni ayt subhi saboga.
Gulga aylan, yomgʻirga aylan,
Sayhonlarga quyil ziyoday.
Qayta tugʻil yorugʻ yuz bilan
Vodiylarni kezgin piyoda...
Togʻlarga bor, dalalarga bor,
Nurga toʻldir umrning damin.
Tuproqni oʻp, yalinib yolvor,
Gunohingni kechirar zamin.
* * *
Quyosh senday yashasam yonib,
Hech bilmasam qaygʻu, oʻlimni,
Ilonlarga... odamlarga ham
Uzatardim qaynoq qoʻlimni.
Quyosh senday yashasam yonib,
Pisand qilmay ayozni, qishni,
Men oʻrganib olardim bir kun
Hammaga teng kulib boqishni.
Biroq senday yasholsam aslo
Boqolmasman hammaga xushhol.
Buyuk emas bardoshim senday,
Erta tongda chiqmogʻim mahol...
Sen-chi, takror chiqaverasan,
Toʻzim bilmas sendagi bardosh.
Naqadar zoʻr, naqadar ulugʻ
Va naqadar baxtlisan, quyosh!
* * *
Bolalarning koʻzlari kerak,
Juda kerak hayratli choʻgʻlar –
Bu dunyoning bor goʻzalligin
Faqat soʻzlar u qora koʻzlar.
Bolalarning qoʻllari kerak
Daraxtlarga, yerga, maysaga,
Bolalarning tillari kerak
Dunyodagi har bir narsaga.
Oftob chiqar bolalar uchun,
Bolalar-chun yashaydi shamol.
Dunyo turar bir bandi kabi,
Koʻksida gʻam, koʻzida malol.
Dunyo faqat bolalarniki...
Hayot qilgan ularga tortiq.
Faqat zoʻrlik bilan dunyoni
Bolalardan olmangiz tortib!..
Shavkat Rahmon