- Rukn: Sheʼrlar
- 706 marta ko‘rilgan
“Toʻlishdi kuch-aqlimiz”
Chumoli polvon
Chim ustida chumoli
Yurar dorboz misoli.
Turar har kun ertalab,
Langar choʻpin yelkalab.
U kun boʻyi yuk tashir,
Tartib bilan birma-bir.
Doʻstlari karvon-karvon,
Safda – chumoli polvon.
“Mehribon”
Madinaning qoʻlida
Bir hovuch yongʻoq koʻrdim.
Tomoq qirib, yoʻtalib,
Atrofida oʻrgildim.
Yoʻtalganim koʻrdi-yu,
Maʼyus qaradi koʻzi.
Meni ayab, yongʻoqni
Yeb qoʻydi-ya bir oʻzi.
Sentyabr sogʻinchi
Ajoyib, soz oʻtdi yoz,
Choʻmildik anhor, soyda.
Taʼtil kunlari saxiy,
Oʻyin-kulguga boy-da.
Boʻy-bastimiz choʻzilib,
Toʻlishdi kuch-aqlimiz.
Ozod elda shod-xurram,
Erkatoymiz, baxtlimiz.
Sarf etamiz kuchimiz
Bilim olish, oʻqishga.
Toʻlsin kundaligimiz
Yuzlari yorugʻ “besh”ga.
Qoʻllaringiz qanaqa
Qizgʻanchiq boʻlmasa kim,
Uni “ochiqqoʻl” derlar.
Hunari bor bolani –
Ikki “qoʻli gul” derlar.
Tanbeh bersalar oyim:
– Ozoda yur, toza boʻl!
Tarbiyada har doim,
Deyman, onam “qattiqqoʻl”.
Opam pishirsa ovqat,
Maqtashar “qoʻli shirin”.
Kimning “qoʻli kalta”dir,
Yana kimniki “uzun”...
“Qoʻli botir”, “Qoʻli zar” –
Nega qoʻllar shunaqa?
Ochib koʻring kaftingiz,
Qoʻllaringiz qanaqa?
Dilfuza Kamoljonova