- Rukn: Sheʼrlar
- 373 marta ko‘rilgan
Bizning to‘garak
Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabini nafaqat Farg‘onada, balki respublikamizda ham yaxshi bilishadi. Bu – fidoyi va jonkuyar ustozlar, bilimli va iqtidorli o‘quvchilar mehnati tufayli, albatta. Endigina adabiyot, badiiyat olamiga kirib kelayotgan yosh ijodkorlarning mashqlari sizga manzur bo‘ladi, deb umid qilamiz. Ulardan kelgusida badiiy yuksak, yanada pishiq va mukammal asarlar kutib qolamiz.
Rassom
Bulut to‘kadi ko‘z yosh,
Maysalarni qilib nam.
Bu yosh emas – billur tosh
Zavqlantirar meni ham.
Tabiat – oliy rassom,
Tasviri – buyuk asar!
Bularni ko‘rgan odam
Albatta, ta’sirlanar!
Gul-u g‘uncha, maysa, tosh,
Sabr timsoli – daraxt,
Menga ulashar bardosh,
Oldinda kutadi baxt!
Rahimaxon NOSIRALIYEVA
***
Vatan
Vatan – peshonamni silab-siypalab,
Asrab-avaylagan, ey onajonim!
Sendan ortig‘ini qilolmam talab,
O‘zingsan umidim, o‘zing vijdonim.
Vatan – volidamning issiq kulchasi,
Bag‘rimni to‘ldirgan totli rizqimsan.
Senga hasad qilgan bordir qanchasi,
Dunyo ziynatidan o‘zing ustunsan.
Vatan – himoyangda o‘g‘lonlaring shay,
Seni asramoqlik merosdir, shondir.
Ovozim yetgancha baralla kuylay,
Mening ona yurtim – O‘zbekistondir.
Azamatjon AKROMOV
***
Kaktus
Ba’zan xushlamaydilar,
Hidlab ham bo‘lmas uni.
Suyib ushlamaydilar,
Tikanli uning tani.
Atirgul, nilufardek,
Chiroyi yo‘q maqtansa.
–Bo‘lsam, – der – sehrgardek,
Boshqa gulga aylansam.
O‘kinmasin sira ham,
Bo‘lmasin aslo ma’yus.
Ignalar nish ursa ham,
Gul deb atalar kaktus.
Xushnoza AHMADJONOVA
***
Usmon Nosir she’riga nazira
“Tinimsizdir yolg‘iz shabada
Maysalarning sochi silkinar.
Mana hozir chirqirab turgan,
Parrandalar, qushlar ham tinar”.
Yerga tashrif buyuradi shom,
Tutib qora rangli jomini.
Avval yerga, keyin osmonga
Yozmoq uchun tunning nomini.
Muazzinning bo‘g‘zidagi – nay,
Nola bo‘lib taralar azon.
Bu ilohiy sadodan sarmast,
Namozshomgul gullaydi shodon.
Ro‘zixon QURBONOVA