Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Buvimga

Pastqam so‘ri. Ko‘k choy ustida

Aytilmagan gaplar ko‘p hali.

Yana senga  kelaman, buvi,

Anorlaring  pishgan mahali.

 

Yana she’rlar o‘qiyman senga,

Yana barin tinglaysan mahtal.

Urinasan eslab qolmoqqa

Oppoq soching bersa-da xalal.

 

Buvi, sening oyoqlaringga

Qaramagim keladi yana.

Ko‘zim tushsa tovoningga gar

Qarimagim keladi yana...

 

Men bilaman...

 

Qismatning aytmishi ko‘ksingni

Sandaling cho‘g‘idek kuydirgan.

Men bilaman saharda borib

Dod deyishing o‘g‘ling qabriga.

 

Bilaman-ku  axir, yashirma,

Hamdard bo‘lay, to‘yib yig‘lab ber.

Men qaribdi, demayman, buvi,

Bemalol egilib yuraver...

 

Pastqam so‘ri. Ko‘k choy ustida

Suhbatimiz bitmagan hali.

Yana senga kelaman, buvi,

Anorlaring pishgan mahali!

 

Muattar MAMATKARIMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.