- Rukn: Sheʼrlar
- 732 marta ko‘rilgan
Ijodkor sinfdoshlar
Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi axborot-texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan 1-davlat umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘z nufuziga ega maskanlardan biri.
Maktabda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi, shoir Ahmad Bolibekov rahbarlik qilayotgan “Yosh ijodkorlar” to‘garagiga 20 dan ziyod iqtidorli o‘quvchi jalb qilingan. Quyida ijodidan namunalar e’lon qilinayotgan Shahzoda Hazratqulova hamda Dilnozaxon Umirzoqovalar ham ushbu to‘garak a’zosi. Ularning she’rlaridagi samimiyat, bolalarcha beg‘uborlik qalbingizga umid bag‘ishlaydi. Garchi ular 7-sinfda o‘qisalar-da, ko‘ngillaridagi nozik tuyg‘ularini she’riy uslubda chiroyli ifoda eta olgan. Biz bo‘lajak shoira qizlarimizga ijodiy parvozlar tilaymiz.
Ravshan ISOQOV,
bolalar shoiri
Vatan
Vatan – ajdodlardan meros oshiyon,
Avlodlarga qolgan xoki muqaddas...
Jang-u jadallarda asralgan makon,
Osmon gumbazini jaranglatgan sas.
Vatan – Muqimiyni bag‘riga olib,
Hasratin tinglagan g‘arib hujrasi.
Vatan – Furqat uchun hijronda qolib,
Bir umr ko‘z tikkan zamin parchasi.
Chorraha
Ravon yo‘ldan yurib keldi u,
Ravon yo‘ldan yurmoqlik oson.
Chorrahaga borib yetti-yu,
Xayollari bo‘ldi parishon.
Qaysi bir yo‘l yurmoqqa arzir,
Qay yo‘l orti shu’lador daha?
Qay tomonda u borar manzil,
O‘ylatadi uni chorraha...
Shahzoda HAZRATQULOVA
Mangu maskan
Inson uchun mangu maskan,
Mehrlidir hamda buyuk.
Baxti borlar senda o‘sgan,
Vatandirsan bizga suyuk.
Qalbimdasan sen hamisha,
E’zozlayman sevib doim.
Jannat misol aziz go‘sha,
Ham quyoshim, yulduz, oyim.
Asrash uchun biz farzandlar
Ayarmidik jonimizni.
Ulg‘ayib shu Vatan uchun
Tiksak arzir borimizni.
Bilmas ekanman
Tongning epkinida o‘rik gulladi,
Chiroyli ko‘rinar, o bahor tongi.
Tog‘larning boshidan qorlar eridi,
Borliqni uyg‘otdi tiriklik bongi –
Bahorni men asli bilmas ekanman...
Uyg‘ongan shoxlarning guli oq rangda,
O‘rikning gullari misli qor kabi.
Oq tuyg‘u hukmron bugun har ongda,
O‘t-o‘lan, maysaning jilmaygan labi –
Bahorni men asli bilmas ekanman...
Quyoshning taftida eridi shudring,
Hammayoq qip-qizil lolaqizg‘aldoq.
Mening dilimni ham rangga to‘ldirding,
O‘ylarim gulmonand, xayollarim oq –
Bahorni men asli bilmas ekanman...
Dilnozaxon Umirzoqova