- Rukn: Sheʼrlar
- 742 marta ko‘rilgan
Kim yaxshi
– Salom, jajji qizaloq,
Jingalaksoch ko‘zmunchoq.
Senga bir savolim bor,
Javob bergin o‘ylabroq.
– Dadajoning yaxshimi,
Yoki oyingmi ko‘proq?
Ko‘zlarin pirpiratib,
Qizcha o‘ylandi ozroq.
Savol oddiy bo‘lsa ham,
Javob edi “og‘irroq”
“Oyim yaxshi” desinmi,
Yoki “Dadam yaxshiroq...”
Xayoli chalg‘ib ketdi,
O‘ylari ham tumtaroq.
Lek javobsiz qolmadi
Amaki bergan so‘roq.
– Amakijon, bilsangiz,
Ikkisi – ikki chiroq.
Men uchun dadam, oyim
Bir-biridan yaxshiroq!
Bulutoy
Yum-yum yig‘lar Bulutoy,
Ko‘zlarida serob yosh.
Momaqaldiroq unga
Qattiq tegdi, bag‘ritosh.
Juda uzoq yig‘ladi,
Oqizib ko‘z yoshini.
Jilmaydi ona-Quyosh,
Silab uning boshini.
Tez yupandi Bulutoy
Joni og‘rimagandek,
Yorishib ketdi olam,
Yomg‘ir ham yog‘magandek.
Adham ABDUSAMIYEV,
Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 8-maktab targ‘ibotchisi