- Rukn: Sheʼrlar
- 488 marta ko‘rilgan
“Mitti yulduz jilolari” toʻgaragi a’zolari ijodidan
Atoqli shoir Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabini nafaqat Qashqadaryoda, balki respublikamizda ham yaxshi bilishadi. Bu bilimdon va ijodkor oʻquvchilar mehnati tufayli, albatta. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Nilufar Umarova rahbarlik qilayotgan “Mitti yulduz jilolari” toʻgaragida oʻquvchilar ijod sirlarini oʻrganib, rang-barang mavzularda sheʼr, hikoyalar mashq qilmoqdalar. Ularning ijod namunalari sizga manzur boʻladi, degan umiddamiz.
Soʻz turkumlari olamiga sayohat
Uyquga yoʻl boshladi
Tushlikdagi yegulik.
Bir tush koʻrdim taʼrifi
Bir ashʼorga yetgulik.
Kim? Kim?
Men – Shoh emishman
Soʻzlar saltanatida.
Vazirlarim ham bormish
Bir safda naqd oltita.
Bosh vazirim – OT uchun
Shaxs va narsalar nomi.
Soʻl vazirim – SIFATning
“Qanday?” ga toʻla jomi.
Qancha boʻlsa shuncha koʻp
Tartibni sevadi SON.
Holatini tushunmay,
RAVISH unga xoʻp hayron.
Ish-harakatga masʼul
FEʼL vazirim sal ayyor.
Ot, sifat, son, ravishning
Xizmatiga u tayyor.
OLMOSH vazir – olgʻirim
Bilar ogʻir-yengilim.
Goh Men, deydi, gohi Biz,
Goh U, boʻlar, gohi Siz.
Yumush aytishim hamon
Darrov olib oʻrtaga.
Muhokama boshlashar
Nima? Qachon? Qanchaga?
Vazirlarim nogahon,
Tang qolsa, soʻz demakka.
Koʻmakchi-yordamchilar
Kelar tezda koʻmakka!
O, bunday saltanatni
Koʻrmaganman hushimda.
Xoʻp ahil aʼyonlarga
Podshohmishman tushimda!..
Farid SHODIMURODOV
7-sinf
***
Holat
Samo quyosh nuri ila charogʻon,
Yorugʻlik qoplagan dunyo yuzini.
Shudringlar bir goʻzal
Tizishib marjon,
Ifoda etishar tongning soʻzini.
Javohir ABDURASULOV
7–sinf
***
Jinoyatchi
Qodiriyga dedilar:
– “Qayt jinoyat yoʻlidan!”
– “Gar haqiqatni aytmoq –
Jinoyat, deb sanalsa,
Mayli, jonim qoʻlingda!”
Hikmatbek BOYQOBILOV
7-sinf
***
Abdulla Oripov xotirasiga
Samo koʻzgusini yerga tutgan dam,
Nazmiy gulistonda barq urdi ijod.
Qoʻngʻirtov boʻyida surgancha xayol,
Uni shoir qilib yaratdi hayot.
Soʻzni koʻngil bilan terdi qirlardan,
Koʻzlarin qadagan togʻlar purviqor.
Daryolar mavjiga mudom joʻr boʻldi.
“Vatanim manim” deb kuyladi ilk bor.
Soʻz ila qayradi nazmiy shamshirin,
Qalblarni zabt etdi sheʼrlarin kuchi.
Zarhal satrlarda dur kabi maʼno,
Yurt madhi yangradi koʻklarni quchib.
Sheʼriyat osmonin bezagi boʻlgan,
Ul “Mitti yulduz”da baytlarin bitdi.
Ishq vasfin taʼriflab, koʻklam chogʻida
Muhabbat poyiga guldasta tutdi.
Shonli kunlarini yodimga olib,
Xotirlab yozganim shu bir parcha sheʼr.
Mangu tiriklikning bayoti boʻlib,
Qutlugʻ bir saharda koʻz ochdi shoir.
Gulsevar UMRZOQOVA
9-sinf
***
Hovlimizda bahor
Sernoz daraxt taqadi,
Erinmayin chechaklar.
Quyosh zimdan boqadi,
Jilmaysa boychechaklar.
Tandirin yoqar onam,
Xamirini koʻpchitib.
Ukam varrak uchirar,
Kabutarni choʻchitib.
Dadam ketar bogʻ sari,
Ergashtirib singlimni.
Qaldirgʻochlar chugʻurlar,
Xushlagancha koʻnglimni.
Ariq boʻyidagi tol,
Sochlarini taraydi.
Soʻraganday boʻlib hol,
Gullar kulib qaraydi.
Goʻzallikka koʻz toʻymas,
Yetdik shunday imkonga.
Uch oyga ruxsat olib,
Bahor kelgan mehmonga.
Malika MUHAMMADBOTIROVA
7-sinf
***
Shukuh
Yaltiraydi kumush qor,
Koʻzimga oyna tutib.
Muzlab yotibdi anhor,
Oqmoqlikni unutib.
Qalblarda orzu toʻla,
Barcha shodon, baxtiyor.
Bolalarning koʻzida
Yangi yil shukuhi bor.
Archa oʻyinchogʻida,
Yorqin bir nur porlaydi.
Jilo bor har chiroqda,
Davra sari chorlaydi.
Yaltiroq qor parchasi,
Yulduz sochar borliqqa.
Bunda hech qanday poklik,
Teng kelmas bu yorliqqa.
Sevinch NURIDDINOVA
7-sinf