Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Navro‘z tilaklari

Yomg‘irlarning hovuchida nur,

Dillashadi kecha va kunduz.

Yurakdan to samovot qadar

Jaranglaydi ilohiy bir so‘z:

 

“Umringiz baxt nuriga to‘lsin,

Navro‘zingiz muborak bo‘lsin!”

G‘unchalarning labida bahor

Izlarini izlasang o‘zdan.

 

Tirilmoqlik baxtini so‘ra

Kurtaklarda ko‘z ochgan kuzdan.

Yetti xil rang – yetti nota bu,

Yetti osmon yetti sadoday.

 

Yetmish million sir qalbin ochib,

G‘am eshigin yopgan vidoday!

Binafsha-yu boychechak, yalpiz

Gullarining muattar isi.

 

Sachrab ketar billur havoga

Sachrab ketar qizlar kulgusi.

Jamalaklar taqadi bahor,

Daraxtlarning har bir shoxiga.

 

Quvonch sochib keladi alyor

Turnalarning arg‘imchog‘iga...

Doshqozonda qaynar sumalak,

Qaynar elning qari-yu yoshi.

 

“Baxtli bo‘ling!” degan xush tilak

Ulashadi sumalak toshi!

Ey qadim sir, ey qadim hayot,

Kuch berasan, yurakka yog‘du!

 

Tiriklikning har oni – farah,

Tiriklikning har oni mangu!

Yangi kun bu, yangi navo bu!

Tenglashadi kecha va kunduz.

 

Zebo MIRZO

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.