- Rukn: Sheʼrlar
- 265 marta ko‘rilgan
Sog‘inch
Toshkentning tosh ko‘chalarida,
Sog‘inchmi u, qaddim bukadi.
Buxoroning bir qishlog‘ida,
Bodom gullarini to‘kadi.
Darvozada o‘ltirar dadam,
Ma’yus maysalarday to‘shalib.
To‘kiladi sog‘ingan ko‘ngli,
Bodom gullariga qo‘shilib.
Kunlar o‘tar, shamolday besas,
Dunyosiga nazar solmayman.
Bir yildir-ki, dadajon, sizga,
Boraman deb bora olmayman.
Ilinjlarda muzlamoqda jim,
Tomirimda oqayotgan qon.
Qaldirg‘ochning qanotlarida
Men boraman, kuting, dadajon.
Huvillagan yurakday hovli,
Onamnimi, eslab ezilar.
Men bilaman, har bir qadamda,
Onajonim o‘rni sezilar.
Bag‘ringizni quyoshga tuting,
Dilingizga suyansin osmon.
Bahorning xush sabolarida,
Uchib borayapman, dadajon.
Toshkentning hur ko‘chalarida,
Majnuntollar qaddin bukadi.
Buxoroda - Po‘lat qishloqda,
Bodom gullarini to‘kadi.
Halima AHMEDOVA