- Rukn: Sheʼrlar
- 288 marta ko‘rilgan
Qodiriyni o‘qib
Yillar o‘tib borsa-da, hamon
Qo‘msab-qo‘msab o‘qiymiz sizni.
Siz bamisli zangori osmon,
Biz qo‘msaymiz osmonimizni.
Chaqir toshli tungi yo‘llardan
Otda yelib o‘tamiz birga,
Aylantirib Kumushning oddiy
So‘zlarini bokira she’rga.
Yana ortga qaytamiz keyin,
Kelajakka boqamiz maftun.
Nimadandir ichikib, qiyin
O‘ylar ichra qolamiz beun.
Keyin yana uy derazasin
Ochgan kabi sof havolarga,
Bo‘g‘riqqan, dim uy derazasin
Ochgan kabi sho‘x navolarga —
Tuyib dilda mas’um unlarni,
Titrab-titrab dil larzasidan,
Biz ochamiz “O‘tgan kunlar”ni
Yuragimiz derazasiday.
Xurshid DAVRON