- Rukn: Sheʼrlar
- 3032 marta ko‘rilgan
Quyon keldi maktabga
Qurdosh Odinayevning ushbu to‘plamidan joy olgan qirqdan ortq she’rlari mavzu jihatdan rang-barang. Ularda ona Vatanga muhabbat, ustozlarga ehtirom bilan birga bolalarning sho‘xliklarga to‘la dunyosi ufurib turadi. Shuningdek, bu kitobga ijodkorning ikkita ertagi ham kiritilgan. Ular o‘quvchilarning fikr doirasini kengaytirishga, o‘ylantirishga xizmat qilishga ishonaman.
Ne’mat Dushaev
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
***
Quyon keldi maktabga
Jahl otiga minib.
Direktorni so‘radi
Biroz qovog‘in uyib.
Navbatchi o‘qituvchilar
Direktorni topishdi.
Quyonvoyni xonaga
Chorlab eshik yopishdi.
Maktab rahbari hayron,
Peshvoz chiqdi quyonga.
Jahl bilan Quyonvoy
Ko‘z tashladi har yonga.
– Jami yetti o‘quvchi
Bizlardan kular emish,
Darslardan qochish uchun
Quyon bo‘lamiz dermish.
Ularga chora ko‘ring,
Chaqiring otasini.
Quyonlardan uzr so‘rab
Tuzatsin xatosini.
Biz ularga o‘xshagan,
Aslo qo‘rqoq emasmiz!
Bir ishni qilsak agar,
Men qilmadim, demasmiz!
Ota-ona aytganin,
Darrov ildam qilamiz!
Birovga ayb yuklashni,
Nomus, or deb bilamiz!
Topib bering ularni,
Suratga olay o‘zim.
Ko‘rib qo‘ysin quyonlar,
Ularning asl yuzin!