- Rukn: Sheʼrlar
- 673 marta ko‘rilgan
Turob Yusuf she’rlari
Xatarli o‘tloq
Asalari ko‘ngliga
Ishdan bo‘lak ne sig‘ar?!
Chigirtkalar sakrashgan
O‘tloqda u bol yig‘ar.
Dum chumoli hol so‘rar
Vaziyat borasida:
– Nima qilib yuribsan
Tentaklar orasida?
***
Ko‘tarma kranlar
Qo‘ymay, bizni har damda
Kuzatib turishgaydir.
Qo‘llarini yordamga
Uzatib turishgaydir.
***
Chumolilar inida
– Ahmoq bo‘lib bu yerda
Izlagandim kimimni.
O‘tkir chaqirtikanlar
Yulib oldi shimimni!
***
Nobop kasal
Keldi bemor kapalak,
Holdan toygan, joni yo‘q.
Eng yomoni, tahlilga
Olish uchun qoni yo‘q.
***
Chaqimchi kurkaga
– Salobatda o‘zingni
Tuyaqush atasakmi?
Chaqimchilik bo‘yicha
Kuyaqush atasakmi?
***
Nuqsonli chopog‘on
– Chumolini yugurtsak.
To‘xtab-to‘xtab chopadi.
Bu ahvolda sprint da
Qanday obro‘ topadi?
***
Maymoqvoydan gina
– Kelvolibsan, bu yerga
Ayt, seni kim chaqirdi?!
O‘zingni otib yerga,
Mayishtirding, paqirni.
***
Chumoliga kiyim-bosh
– Bari bo‘ldi, bir kemtik
Joyni yopib bo‘lmadi.
Oyog‘iga mos biror
Tufli topib bo‘lmadi.
Turob Yusuf