- Rukn: Sheʼrlar
- 163 marta ko‘rilgan
Sentyabr
Avgustning etagin qo‘yib yuborib,
Sentyabr kursidan joy oldi muqim.
Bog‘larning o‘chdi-yu yashil viqori,
Omonat yaproqlar turar kamsuqum.
Serfarzand onaday bag‘rini ochib,
Qaytgan farzandlarin quchoqlar maktab.
Sokinlik qaygadir ketdi-yu qochib,
Sershovqin bir shovur kezmoqda shitob.
Bolakay ko‘zida ajib bir hayrat,
Daftarga ko‘chadi ilk mo‘jizalar.
Chumoli iziday shakllar, hayhot,
Ehtimol, kelajak kitobin bezar.
Shu murg‘ak qalblarda yashirin buloq
Ko‘zini ochadi oddiygina bo‘r.
Kelajak! Hozir bo‘l va ochgil quchoq,
Senga borayotir ulkan Tasavvur.
Momoxol ELMURODOVA,
Qashqadaryo viloyati