Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Siz bilan vaqtimiz chogʻ

Oʻgʻil-qizim

Oʻgʻil-qizim, qalbim nuri,

Ilm izla kecha-kunduz.

Qoʻling choʻzsang pisand emas,

Senga hatto olis yulduz.

 

Oʻgʻil-qizim, qalbim nuri,

Hunar oʻrgan yoshlik chogʻing.

Hunar bilan toparsan zar,

Bezatgaysan umr bogʻin.

 

Oʻgʻil-qizim, qalbim nuri,

Sadoqatni shior qilgil.

Ota-onang, oʻz xalqingni,

Vataningni aziz bilgil.

 

Oʻgʻil-qizim, qalbim nuri,

Haqiqatdan makon qurgil.

Yolgʻonni hech yoʻlatmagin,

Adolatda sobit turgin.

 

Oʻgʻil-qizim, qalbim nuri,

Senga omad kulib kelsin.

Koʻrgan kishi hech boʻlmasa,

“Ey, otangga rahmat”, desin.

 

 

Buvijon yuzga kiring

Bosh-qosh boʻlib har ishda,

Saranjom-u sarishta.

Siz misoli farishta,

Buvijon, yuzga kiring.

 

“Doʻstingiz boʻlsa oftob

Boʻlmaysiz aslo betob”, –

Soʻzingiz hikmat kitob

Buvijon, yuzga kiring.

 

Siz bilan vaqtimiz chogʻ,

Siz borsiz qaddimiz togʻ,

Dillarda yoʻq gʻubor, dogʻ,

Buvijon, yuzga kiring.

 

Fozil RAMAZONOV,

Buxoro viloyati Gʻijduvon tumani

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.