Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Aql, idrokning koni, bilimlarning makoni”

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, bolajon ijodkor Zahro Hasanovaning nomi sizga yaxshi tanish. Chunki bogʻchadagi paytingizdayoq Zahro opangizni “Zukko alifbo” kitobidan joy olgan quvnoq sheʼrlarini bayramlarda sharillatib aytib, kattalarni xursand qilgansiz. Boshlangʻich sinf darsliklaridan oʻrin olgan hikoya, sheʼrlarini ustozingiz bilan birga oʻqib muhokama qilgansiz. Ular sizga yoqqaniga ishonamiz. Nega desangiz, ijodkorning “Kutilmagan sovgʻa”, “Topishmoq va tez aytish”, “Koʻzmunchoq” toʻplamlari ham kitobxonlarga juda manzur boʻlgan.

Mustaqillik arafasida Zahro Hasanovaning “Kitob – sen osmonimsan” nomli yana bir yangi kitobi nashrdan chiqdi. Biz toʻplamdagi sheʼrlar tafakkuringizni boyishiga, quvnoqligi bilan dilingizga zavq solishiga, qalbingizda ona tabiatga mehr uygʻotishiga ishonamiz.

 

 

Istiqlol yulduzlari

 

Istiqlol yulduzimiz,

Vatanning gul yuzimiz.

Kelajakka intilgan

Erka oʻgʻil-qizimiz.

 

Ona Vatan soʻzini

Dillarga jo etganmiz,

Madhiyamizni kuylab,

Murodlarga yetamiz.

 

Yurtimiz bayrogʻini

Koʻtaramiz yuksakka.

Koʻzimiz qarogʻini

Doim tutamiz tikka.

 

Ahd-shahdimiz basma-bas,

Dunyo qilmoqda havas.

Sinab koʻring, marhamat,

Isteʼdodlar kam emas.

 

 

Kitob – sen osmonimsan

 

Navoiy gʻazallari

Qoʻlimdan tutdilar dast.

Bobur ruboiylari

Meni ulgʻaytgani rost.

Kitob sen oftobimsan,

Koʻkdagi mohtobimsan,

Koʻksida ming bir sirni

Koʻtargan alp togʻimsan.

Sen zaminsan bagʻriga

Boyliklarin yashirgan,

Xazinasan bilim-u

Tafakkurim oshirgan.

Kitob – sen osmonimsan,

Dengiz-u ummonimsan,

Qalbimga singib ketgan,

Borimsan, omonimsan.

Bilmam sensiz yashashni,

Qay tarz qadam tashlashni.

Aql, idrokning koni,

Bilimlarning makoni.

Koʻzimning choʻng qarogʻi,

Zulmatdagi chirogʻi,

Sen Olloh bergan neʼmat,

Bitmas-tuganmas hikmat.

 

 

Soat

 

Erkin ertalab tursa,

Soat qolibdi toʻxtab.

Chiq-chiq degan sozini

Chalmay qolibdi uxlab.

 

Ustasiga yugurdi,

Olib uni qoʻliga,

Dedi: – Davosin topib,

Solib bering yoʻliga.

 

Batareyka oʻrnatdi

Usta aka “shifokor”,

– Qorni ochibdi-ku, – deb

Dardin topibdi tezkor.

 

Endi har tong soati

Jiringlab uygʻotadi,

Erkinjonni oʻqishga

Kuy chalib kuzatadi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.