Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Fikrim oʻsar, dil qaynoq”

Ehtirom

 

Maqtalgan tillar koʻpdir,

Kattadir taʼsir kuchi.

Oʻz tilim-la iftixor

Etib men koʻkka uchdim.

 

Oʻqiyman, izlanaman,

Fikrim oʻsar, dil qaynoq.

Yeganday boʻldim asal,

Yalaganday muzqaymoq.

 

Sakson ming kalom bilan

Boqdim quvonchga toʻlib.

Xalqqa etilding inʼom

Hech oʻlmas “Xamsa” boʻlib...

 

Qoniqmasdan boʻloldim

Yana uch tilning piri.

Oʻz tilimga oʻgirdim

Pushkin, Fet, Shekspirni...

 

Sharq-u Gʻarb dorilfunun

Tolibi oʻch ilmga.

Bizlarga havas qilib,

Soʻylar ona tilimda.

 

Xayollarim nurafshon,

Kunlarim oʻtar silliq.

Hamon olgʻa chorlaydi

Bizni “Qutadgʻu bilig”.

 

 

Tirnoq

 

Sal oʻssa kelar gʻashim,

Qaychilanar tez tirnoq.

Barmoq uchidan uchar

Tirnoq biroz boʻp yiroq.

 

Aybim topib: “irkit” deb,

Yangrar akam ovozi.

Ogoh etadi bot-bot –

Bir marta kuygan ogʻzim.

 

Toʻgʻrisi, oʻz-oʻzimga

Rosa jonim achigan.

Tuzalish-chun tanamga

Qancha nina sanchilgan.

 

Tozalikka rioya

Qilishni oldim ilgʻab.

Hamon eslab yonboshni

Qoʻyaman silab-silab...

 

“Qoʻl kiri” kasaliga

Bir vaqtlar tutilganman.

Gepatit “A” dan arang,

Eh, zoʻrgʻa qutilganman.

 

 

Hovoncha

 

Ichimga nedir solib,

Dastam bilan urishar.

Donni olishar tuyib,

Ishlari koʻp yurishar.

 

Ne solsam talqon boʻlar,

Zarba mazam qochirar,

Har zarbadan ingrayman,

Donlar har yon sochilar.

 

Ish bitar, surar chetga,

Men boʻlaman hang-u mang.

Har galgidek boʻgʻzim boʻsh,

Qolar quruq, ochiq, lang...

 

Shundayin yonginamda,

Termilib ensam qotar.

Boplaganday bir ishni

Dastam choʻzilib yotar.

 

Moʻmin Avaz

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.