Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Buvam chaqqon va tetik”

Gullagan olcha

 

Olcha sevar gullashni,

Yashnab erta bahorda –

Ziynatini olamga

Koʻz-koʻzladi nahorda!

Shamol esa qasdlashib,

Bilgani yoʻq haddini –

Toʻkdi uning gullarin,

Egib zaif qaddini!

Zabun edi ahvoli,

Koʻrgan afsus etardi.

Axir, asray olmasa,

Olcha gullab netardi?!

 

 

Varraklar

 

Parvoz etar varraklar

Osmon ishqi bilan mast.

Qay birining avji zoʻr,

Qay birining mashqi past.

Ey, oʻgʻlon! Sen havoyi

Orzulardan yonma hech.

Quvon yursang ham yerda,

Oʻzligingdan tonma hech.

Varraklarning qismati

Erksizlikdan dogʻliqdir.

Parvoz umri ipidan

Tutganlarga bogʻliqdir.

 

 

Buvamning naqli

 

Oshsa hamki yetmishdan,

Buvam chaqqon va tetik.

Ishlar uzzukun bogʻda,

Oyogʻida zil etik.

Mehr berib, yashnatib,

Ardoqlar har daraxtni.

Jini suymas – landovur,

Vujudi shol, karaxtni.

Baʼzan horib-charchasa,

Yostigʻini tuzatib –

Deymiz: “Endi yoting-da

Siz ham oyoq uzatib”.

Buvam kular: “Tirik jon

Lozim mehnat etmogʻi.

Oʻzi qarib, zaminni

Yashartirib ketmogʻi!”

 

 

Dangasa

 

Maqsadiga erishgay

Intilsa kim, chopsa kim.

Hatto qorni yondirar,

Qalovini topsa kim.

Jon koyitmas dangasa

Izlash tugul qalovni –

Oʻchiradi erinib,

Yonib turgan olovni!

 

 

Qaltis oʻyin

 

Bu dunyoda eng ashaddiy

Ikki rang bor – qora va oq.

Ular raqib azaldan ham,

Orasida yoʻq ittifoq.

Jang qilishar bemurosa,

Taʼqib aylab, rahna solib –

Bir-birini ayashmaydi.

Chiqish uchun mutlaq gʻolib.

Boshqa ranglar – tomoshabin,

Qaltis oʻyin ishqibozi

Gij-gijlashar ikkovini

Durangga hech boʻlmay rozi!

 

Rustam Nazar

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.