- Rukn: Sheʼrlar
- 743 marta ko‘rilgan
“Istiqlol solnomasi” dostonidan
Shu kunlarda mamlakatimizda Mustaqilligimizning 30 yillik bayramini munosib nishonlashga qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda. Xalqimizda toʻyga toʻyona bilan borish azaliy odat. Isteʼdodli shoir Ravshan Isoqov ham bayramga salmoqli sovgʻa bilan keldi. “Istiqlol solnomasi” deb atalgan doston yozdi. Ushbu doston mamlakatimizda 30 yil ichida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari haqida hikoya qiladi. Quyida shu dostondan parcha oʻqiysiz.
Mustaqillik
(muqaddima oʻrnida)
Bobolarim orzu qilgan,
Momolarim ezgu bilgan,
Quyosh yangligʻ mangu kulgan –
Mustaqillik.
Topdi xalqim oʻzligini,
Burro-burro soʻzligini.
Hurmatini – Sizligini
Mustaqillik.
Kim koʻrmadi, koʻrdi kimlar,
Quvonchimdan koʻzda namlar.
Ortda qoldi sitam, gʻamlar –
Mustaqillik.
Oʻtdi qancha Manguberdi,
Yuragida el-yurt dardi.
Chinakam baxt, hurlik berdi –
Mustaqillik.
Tushlarimiz oʻngga doʻndi,
Boshimizga Xumo qoʻndi.
Tenglar ichra tengmiz endi,
Mustaqillik.
Qadrimga chin qoʻshding qadr,
Qadr topgan mudom qodir.
Bebahoim – tengsiz, nodir,
Mustaqillik.
Kuch – birdamlik, adolatda!
Kunlar kechar – farogʻatda,
Shukrona-yu ibodatda,
Mustaqillik.
Orzu yoʻli
Tunnel qazdik togʻ oʻpirib,
Uddaladik chin gapirib.
Buni tarix koʻrgan qachon?!
Fikr qiling bir oʻtirib.
Zabt etildi ulkan dovon,
Ipak yoʻli boʻldi ravon.
Boʻylashay, der osmonlarga,
Yoʻlga chiqdi buyuk karvon.
Ikki kokil – temir izlar,
Quvonadi koʻrib koʻzlar.
Yaqin boʻldi uzogʻimiz,
Egasimiz siz-u bizlar.
Temir tulpor goʻyo uchoq,
Borar shitob bilmay charchoq.
Qarshi olar dovon osha,
Oltin vodiy ochib quchoq.
Orzu yoʻli – Angren-Pop,
Yuz koʻrsatar yangi bir bob.
Temir yoʻlmas – moʻjiza bu
Kelajakka daʼvat, xitob.
Koʻksimizni qilib qalqon,
Togʻ-toshlarni etib talqon.
Yoʻl yotqizdik Farhod boʻlib,
Ochildi zoʻr yangi imkon.
Yangi imkon – ulkan orzu,
Maqsadimiz tugal ezgu.
Yetsak deymiz maqsad tomon,
Dilimizda soʻnmas tuygʻu.
Koʻprik boʻlar xalqlar aro,
Mohiyati zoʻr xalqaro.
Qoyil butun jumla jahon,
Faxrlanar har fuqaro.
“Afrosiyob”
Qush derdim-u qanoting yoʻq,
Goʻroʻgʻliday Gʻiroting yoʻq.
“Temirtulpor” yo zoting yoʻq,
“Afrosiyob”.
Temir izdan hech chiqmaysan,
Uchqurlikda naq oʻqdaysan.
Goʻyo bor-u yo yoʻqdaysan,
“Afrosiyob”.
Yer bagʻirlab zir uchasan,
Manzillarni tez quchasan.
Imkonlaring keng ochasan,
“Afrosiyob”.
Epchil, tezkor-u qulaysan,
El koriga xoʻp yaraysan.
Xizmat qilib ham yayraysan,
“Afrosiyob”.
Qanot bogʻlab uchding shitob,
Orzularim topdi roʻyob.
Xazinamsan taqchil, noyob,
“Afrosiyob”.
Ortda hayron qolar shamol,
Choʻqqilar-u burgutlar lol.
Hech charchama, koʻrma zavol,
“Afrosiyob”.
Sen xalqimiz shaʼn-gʻururi,
Mustaqillik zoʻr sururi.
Jon rohati, jon huzuri –
“Afrosiyob”.
Halqa yoʻli
Yer ustida halqa yoʻli,
Chopar uchqur poyezdlari.
Yoʻlovchilar behad xursand,
Yal-yal yonar gul yuzlari.
Kuzataman oʻng-u soʻlim,
Dilim quvnab, yayrar koʻnglim.
Manzillarga eltar zumda,
Vaqt tejalar, unar yoʻlim.
“Temir tulpor” shaylanadi,
Halqa boʻylab aylanadi.
“Doʻstlik 2” – oʻtish yoʻli,
Yer ostiga bogʻlanadi.
Suqlanaman Toshkentimga,
Mangu bahor – yosh kentimga.
Koʻz tegmasin, u yarashgan
Misli uzuk boshkentimga.
Zamonaviy, gʻoyat qulay,
Afzalligi bor bir talay...
U yon-bu yon qatnar gʻiz-gʻiz,
Tonggi sabo – xushboʻy yelday.
Kim oʻqishga, kimdir ishga,
Shoshar, arzir bu olqishga.
Bunda tiqlinch, tirbandlik yoʻq,
Oʻngim emas, oʻxshar tushga.
Yer ustida halqa yoʻli,
Boshkentimning dastyor qoʻli.
Eʼtirof
Yoshlarning koʻzlarida
Chaqin koʻrdim, oʻt koʻrdim.
Hayotdan bir mamnunlik,
Oʻzlarini shod koʻrdim.
Shijoatli, mardona,
Yurtga, elga fidoyi,
Mustaqil, hurfikrli,
Erksevar, ozod koʻrdim.
Manglayda yaraqlagan
Quyosh koʻrdim, oy koʻrdim.
Kulgulari jarangdor
Joʻshqin-joʻshqin soy koʻrdim.
Orzusi osmon qadar,
Odimlar vaqtdan oʻzib,
Xalqning ishonch – qanoti
Aqli teran, boy koʻrdim.
Tolei baland yoshlar,
Oshirar Vatan shaʼnin.
Gʻanimat bilib qadrin,
Eʼzozlagay har onin.
Vatanga sadoqati
Merosdir bobolardan,
Dunyolarga tanitar
Ulugʻvor oʻzbek nomin.