- Rukn: Sheʼrlar
- 439 marta ko‘rilgan
Supa
“Ona, sizni juda sog‘indim,
Sog‘inchlardan yuragim pora.
Sog‘ligingiz bilib ovundim,
Mehmon bo‘lib keling bir bora”.
Desa o‘g‘il hasratga to‘lib,
Ona debdi: “Joning omonmi?
Suvsiz qolgan yaproqdek so‘lib,
Ota yurtdan kechish osonmi?
Qolaversa, men o‘rganganman,
Mo‘jazgina fayzli hovlimga.
Yumushlaring ko‘pdir bilaman,
Kelgin desam onang yoniga.
Boray desam, uying xo‘p yaxshi,
Lekin bitta kamchiligi bor.
Har hovlining ko‘rki-yu naqshi –
Supasi yo‘q, yana biroz tor.
Shu kichkina hovlida kechgan
Xotirani unutolmayman.
Menga meros – otangdan qolgan
Supani tashlab ketolmayman.
Kechir, sening ko‘rkli koshonang
Menga makon bo‘la olmaydi.
Uyingdagi bitta kreslong
Supa gashtin bera olmaydi”.
Nafisa Axrorova,
Hamid Olimjon va Zulfiya
nomidagi ijod maktabi, 10-sinf