- Rukn: Sheʼrlar
- 252 marta ko‘rilgan
Tongda yoshligimni elchi yubordim
Oltmish yil, umrimning chorrahasida,
O‘zini unutib yig‘layotgan qiz.
Sehrli olamning hur nafasida,
Sening nigohingni ko‘raman yolg‘iz.
Oltmish yil, otilib ketgan lahzalar,
Bahorning gullagan peshonasida.
Quyoshni orziqib kutdim har sahar,
Sog‘inchim sel bo‘lgan ostonasida.
Oltmish yil, azobga qorilgan loyim,
Cho‘zilib ketgandek dasht-u dalamga.
Ko‘nglimni ko‘tarib qo‘ygan Xudoyim,
Dardimni yukladi so‘zsiz qalamga.
Oltmish yil, sadaqa tiladi hayot,
Pinhona bitmagan kam-u ko‘stimga.
Men bugun oltmishga kiribman, nahot,
Jovdirab qarayman keksa do‘stimga.
Oltmish yil, bu asli ulug‘lar yoshi,
Unga erishmoq ham qanchalik dushvor.
Charaqlab turibdi yurtim quyoshi,
Mening yuragimda faxr-u iftixor.
Oltmish yil, mehrni uchga bo‘lamiz,
Bahorni qoldirib ketgan ayozim.
Sening parvozingdan kuchga to‘lamiz,
Yorug‘ kunlarimdek yorqin bayozim.
Oltmish yil, kutganim yigirmanchi mart,
Gul kabi to‘zg‘igan ishqim bahori.
Pokiza qalbimga yuqtirmading gard,
Aziz ona yurtim – Surxon diyori.
Oltmish yil, mehrimni qog‘ozga qordim,
Bulbullar kuylagan bog‘-u bo‘stonga.
Tongda yoshligimni elchi yubordim,
Oltmishim qutlagan O‘zbekistonga!
AXTAMQULI