- Rukn: Sheʼrlar
- 1254 marta ko‘rilgan
To'rtliklar
Lolaqizgʻaldoq
– Ayt-chi, lolaqizg‘aldoq,
Ko‘ksing nega qora dog‘?
– Tabiat degan rassom
To‘kib qo‘yibdi bo‘yoq.
Turnalar
Turnalarmiz, tizilib,
Chiqmaymiz safimizdan.
Saf tortishni o‘rgansin
Askarlar, mana, bizdan.
Hayvonot bogʻida
Umidjon zebra otga
Tashlar ekan hashakni,
Deydi: – Kimdir erinmay
Bo‘yabdi-da eshakni.
Yangi sherik
Non ushlaydigan bo‘ldi
Ukamning qo‘lchalari.
Teng ikkiga bo‘lindi
Oyimning kulchalari.
Oʻyinning toʻlovi
Har kun futbol o‘ynasak,
Oyna tortar jabrini.
Onam to‘lar qo‘shniga
Maoshining yarmini.
Konfetxoʻr koptok
– Konfetni yeb, idishin
Sindirganing nimasi?
– Oyijon, koptogim ham
Konfet yegan, chamasi.
Quyonim
Quyonim juda quvnoq,
Chaqqongina oyog‘i.
Bekinmachoq o‘ynasak,
Ko‘rinadi qulog‘i.
Toshbaqa
Imillaysan, deb menga
Og‘ritmagin boshimni.
Chaqqon bo‘lardim ancha,
Ko‘tarishsang toshimni.
Xolis xizmat
– Tozalangan mayizni
Qayerga qo‘yding, qizim?
– Oyijon, mana dumi,
Mayizni yedim o‘zim.
Savodsizlik sababi
– “Osh” o‘rnida “os” yozding,
Savoding bormi, Qosim?
– Oyijon, qandoq qilay,
Tusib qolgan-da tisim.
Zubayda ESHPO‘LATOVA,
Samarqand davlat universiteti talabasi